Samarqand davlat universiteti 600 yoshdami?..
Insoniyat taraqqiyotining barcha bosqichlarida ilm-fanning jamiyatdagi o‘rni hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan. Tarixdan ma’lumki, odamzot tabiatni bilish, o‘rganish va o‘zidan keyingi avlodlarga o‘rgatish orqali tamadduniy rivojlanishni ta’minlagan. Bir ora diniy tasavvurlar bilishning asosiy shakli sifatida amalda bo‘lgan. Shu tufayli ilm-fanning asosiy beshiklari nafaqat Sharqda, balki G‘arbda ham asosan diniy muassasalar zamirida shakllandi va rivojlandi.
Yevropada hozirda mavjud aksariyat qadim universitetlar diniy tashkilot zamirida shakllangan. G‘arbda o‘rta asrlarda mavjud ko‘p tarmoqli oliy o‘quv muassasalari "universitetlar" deb nomlangan bo‘lsa, musulmon Sharqidagi ushbu ta’lim muassasalari “oliy madrasa” yoki “madrasai oliya” maqomiga to‘g‘ri keladi.
O‘zbekiston hududidagi “Madrasai oliya”larning eng e’tiborlisi 1420 yilda temuriyzoda Ulug‘bek Muhammad Tarag‘ay (1394-1449) tomonidan asos solingan Mirzo Ulug‘bek madrasasi edi. Mirzo Ulug‘bekning madrasai oliyasi o‘z zamonasining universiteti maqomida bo‘lib, Movarounnahrdagi keyingi davr ilmu fani rivoji va ta’lim taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etgan.
Mirzo Ulug‘bek madrasasi temuriylar davlatida hukm surgan bashariy va iqtisodiy taraqqiyot natijasida vujudga kelgan. Yevropa davlatlarida ham ilk universitetlar hunarmandchilik va savdo taraqqiy etgan, madaniy yuksalgan Italiyaning Bolonya (XI asr), Fransiyaning Parij (1215 yil), Buyuk Britaniyaning Kembrij (1209 yil), Oksford (XII asrning ikkinchi yarmi), Shvetsiyaning Uppsala kabi shaharlarida shakllandi. Ular dastlabki tashkil topgan davrida universitet darajasida bo‘lmagan. Faoliyatining ilk davrida mazkur o‘quv yurtlari “O‘quvchilar sexi”, “O‘qituvchi va o‘quvchilar gildiyasi”, “O‘qituvchi va tinglovchilar gildiyasi” deb nomlangan. Ularda universitas atamasi universal ta’limni anglatmagan. Hatto shaharlarning o‘zi ham universitas civium, ya’ni, “birlashma fuqarosi” kabi tushunilgan. Faqatgina XIV-XV asrlardan boshlab mazkur birlashmalar alohida akademik ta’lim dargohi sifatida faoliyat ko‘rsata boshlagan. Dastlabki universitetlarda xuddi musulmon Sharqi madrasalaridagi kabi o‘qish muddati ham, talabalarning yosh chegarasi ham belgilab qo‘yilmagan. XIV asrning oxirlaridan boshlab shaharlarning kengashlari universitetlar uchun alohida binolar ajratib bera boshlagan. Darslar odatda savol-javob va disput (munozara) shaklida olib borilgan.
Dastlabki davrda Mirzo Ulug‘bek madrasasida asosan aniq fanlarni o‘qitishga katta e’tibor qaratilgan. Shayboniylar davridan boshlab o‘quv dasturlarida aniq fanlar ulushi kamayib, diniy fanlar miqdori oshgan. Ayni davrda Yevropa universitetlarida ham diniy fanlar anchayin keng o‘tilgan bo‘lib, bu har ikkala mintaqada ham mavjud siyosiy vaziyat, diniy madaniyat bilan bog‘liq bo‘lganligi shubhasiz. Lekin aksariyat hollarda Yevropa universitetlarida diniy bilimlar o‘qitilganligi nazardan chetda qoldirilib, ko‘proq Sharqdagi madrasalarda o‘qitilgan fanlar diniy asosda, deya talqin etiladi. Vaholanki, Yevropa universitetlari cherkov tomonidan yorliq berilgandagina o‘z faoliyatini davom ettira olgan.
Mirzo Ulug‘bek madrasasi ikki qavatli, 48 hujradan iborat edi. Har bir hujra 2-4 talaba uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ular uch qismdan: yotoqxona, darsxona, oziq-ovqat mahsulotlari xonasidan iborat bo‘lgan. Mirzo Ulug‘bek madrasasining birinchi mudarrisi o‘z davrining yirik donishmandi Mavlono Muhammad Xavofiy edi. Madrasada yuzdan oshiq talabaga o‘z zamonasining ulug‘ olimlari, yetuk allomalar – Qozizoda Rumiy, Mirzo Ulug‘bek, G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Alovuddin Ali Qushchi, Fathulloh Shirvoniy, Mavlono Hojiyi Tabriziy, Mirzoyi Xorazmiy, Mavlono Amiri Kalon, Qozi Soqiy Zominiy kabilar aniq fanlar (ilmi aqliya)dan dars bergan. Madrasada murakkab o‘quv jarayoni yo‘lga qo‘yilgan. Mirzo Ulug‘bek madrasasida ta’limni o‘tab, maxsus imtihonlar topshirilgach, bitiruvchiga guvohnoma (diplom) – sanod berilgan.
Mirzo Ulug‘bekning Movarounnahr temuriylar saltanatini boshqargan qariyb 40 yilik zamon tilimi orasida uning Samarqand, Buxoro, G‘ijduvondagi madrasalarida va mamlakatning boshqa madrasalaridan yetishib chiqqan olimlarning katta ilmiy maktabi shakllandi. Ulug‘bek yaratgan ilmiy maktabda 200 dan ortiq olimlar faoliyat olib borgan. Ayniqsa, madrasada astronomiya, matematika, geometriya fanlariga bag‘ishlangan bir qator qo‘llanmalar yaratilgan. Mirzo Ulug‘bek madrasasidagi ilm-fan o‘rta osiyolik mashhur olimlar, dunyo ilm-fani rivojiga ta’sir ko‘rsatgan Muhammad Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Abul Abbos al-Javhariy, Ibn Turk al-Xuttaliy, Xolid al-Marvarrudiy, Ahmad al-Marvaziy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniylar boshlab bergan ilmiy an’anaga asoslanar edi.
Yevropadan farqli ravishda, musulmon Sharqidagi “madrasai oliya”larda o‘qitish tizimi va ta’lim sifati anchayin yuksak bo‘lib, buni Mirzo Ulug‘bek madrasasi qoshida ilmiy tadqiqotlar, xususan, hay’at, yer kurrasi, sayyoralar va yulduzlar holatini kuzatishga bag‘ishlangan ishlarni tashkil etish markazi va ularning natijasini ta’lim jarayoniga tatbiq etishni nazarda tutuvchi ilmiy markaz – rasadxonaning mavjudligi ham ko‘rsatib beradi.
Mirzo Ulug‘bek madrasasi qoshidagi astronomiya ilmiy markazi ushbu fan rivojiga ulkan hissa qo‘shib, u keyingi o‘rta asrlarda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmadi. Bu maktab ta’sirida Sharq mamlakatlari, xususan, Hindistonda rasadxonalar bino qilinib, astronomik kuzatishlar natijasida ilmiy asarlar yaratildi. XVII va XVIII asrlarda yaratilgan Shahobuddinning “Zichi Shohijahoniy” va Savoy Joy-Singhning “Zichi Muhammad shohiy” asarlari Mirzo Ulug‘bekning “Zichi Ko‘ragoniy” asari ta’sirida yozilgan. Bundan tashqari, Ulug‘bek samoviy jismlar vaziyatini yuqori aniqlik bilan o‘lchash maqsadida qurdirgan astronomik asbob ham ayni shu ilmiy maktabning mahsuli bo‘lgan. Mirzo Ulug‘bek madrasasi qoshidagi “Astronomiya maktabi”da yaratilgan o‘quv qo‘llanmalardan XX asr boshlarida ham foydalanilgan.
Markaziy Osiyo madrasalarida islomiy ilmlar (naqliy ilmlar) bilan birga, dunyoviy fanlar (aqliy ilmlar) dastlab imlo usulida olib borilgan bo‘lsa, keyinchalik o‘qitishda tadris (sharh, izoh, tafsir) usulidan foydalanilgan. Mirzo Ulug‘bek madrasasida haftaning to‘rt kunida: shanba, yakshanba, dushanba va seshanba kunlari dars mashg‘ulotlari o‘tkazilgan. Haftaning qolgan kunlari mustaqil ta’lim kunlari uchun ajratilgan bo‘lib, berilgan topshiriqlar bajarilgan va takrorlanilgan. Juma kuni musulmonlar uchun odatiy dam olish kuni bo‘lganligi uchun madrasada dars bo‘lmagan. Har bir bo‘limda (adno, avsat, a’lo) fanlarni o‘qitish soddadan murakkabga qarab borilganligi madrasada fanlarni o‘zlashtirishdagi tizimli ta’limning mavjudligini ko‘rsatadi.
Madrasalarda ta’lim jarayoni asosan uch yo‘nalishda (blokda) olib borilgan: shariat, arab tili filologiyasi va hikmat. O‘quv bosqichlarining o‘qish muddati aniq belgilanmagan. Talabalar bo‘limlarda belgilangan kitoblarni o‘qib, mudarrisga imtihon topshirgach, keyingi bosqichga o‘tgan.
Marhum akademik B.Valixo‘jayevning keltirishicha, Mavlono Zayniddin Vosifiy “Badoye’ ul-vaqoye’” asarida (XVI asrning o‘rtalari) Samarqanddagi Mirzo Ulug‘bek madrasasida Mavlono Hojiyi Tabriziy, Mirzoyi Xorazmiy, Mavlono Amiri Kalon kabi o‘nlab mudarrislar turli fanlar yuzasidan tadqiqotlar olib borgan. Shuningdek, olim XVI asr oxiri XVII asr boshlarida Roqim Samarqandiyning “Tarixi Kasira” asarida Mirzo Ulug‘bek madrasasi o‘z faoliyatini davom ettirganligini va uning mudarrisi Samarqand qozisi Qozi Soqiy Zominiy bo‘lganligini keltiradi.
Ashtarxoniylar davrida Samarqand hokimi bo‘lgan Bahodir Yalangto‘shbiy (1576-1656) tomonidan 1619-1636 yillarda Sherdor va 1646-1660 yillarda Tillakori madarasalarining qurilishi Samarqandda ilm-fan va madaniyatning taraqqiyotini yanada yuqoriga ko‘tardi. Samarqand ashtarxoniylardan bo‘lgan Abulfayzxon (1711-1747) tasarrufida bo‘lgan davrda shahar ko‘chmanchi jung‘or va oyratlar tomonidan egallangan (1723 y.). Ayni davr inqiroz davri yuz berib, qarovsiz qolgan va bir muddat taxminan 7 yilcha shaharda aholi yashamagan. Buxoro amiri Doniyolbiy davrida (1758-1785) uning o‘g‘li Shohmurod Samarqandga hokim (1765-1785) etib tayinlangach, Shohmurodning tashabbusi bilan islohotlar o‘tkazili, Samarqandda madrasalar faoliyati jonlanib, ilm-fan va madaniyat taraqqiy eta boshlagan.
Shu o‘rinda taqqoslash maqsadida Yevropa davlatlaridagi ba’zi universitetlar faoliyatidagi to‘xtalishlarga e’tibor qaratsak. Sharqda Peterburg Akademiyasi va G‘arbda nemis universitetlari bilan raqobatlasha olgan Tartu universiteti 1632 yil 30 iyunda Shvetsiya qiroli Gustav II Adolf homiyligida tashkil etilgan. 1665 yildan to 1690 yilgacha Tartu universiteti siyosiy bo‘hronlar va mamlakatda tarqalgan ochlik natijasida 25 yil o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan. Yevropaning yirik universitetlaridan yana biri – Uppsalaning Shvetsiyadagi cherkov reformatsiyasi davrida 1515 yildan 1595 yilgacha (80 yil) faoliyati rasman to‘xtatilgan. 1595 yil Uppsaladagi cherkov qarori bilan universitet o‘z faoliyatini qayta tiklagan. Varshava (Polsha) universiteti tashkil topganidan (1817) ko‘p vaqt o‘tmay, 1830 yilda o‘z faoliyatini to‘xtatganligi va keyinchalik ayni nomda faoliyatini tiklagani, 1364 yilda tashkil topgan Krakov (Polsha) universiteti ham universitet homiysi, Polsha hukmdori Kazimir III vafotidan keyin 1370 yildan 1400 yilgacha (30 yil) o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Shuningdek, 1414-1510 yillarda (95 yil) ham Krakov universiteti qirol tomonidan rektor tayinlanmaganligi bois o‘z faoliyatini to‘xtatadi. Krakov universiteti 1561 yildan boshlab tom ma’noda katolik mazhabining Yevropadagi himoyachisiga aylandi. Dunyoviy fanlarni o‘qitishda katolik arxiyepiskoplaridan ruxsat so‘ralgan.
Turkistonning Rossiya imperiyasi tomonidan egallanishi natijasida Mirzo Ulug‘bek madrasasi faoliyatida qisman susayishlar bo‘lganligi ko‘zga tashlanadi. Lekin madrasa faoliyati to‘liq to‘xtatilgan emas.
Vaqti-vaqti bilan madrasa talabalari sonining ko‘payib- pasayganligini ham kuzatish mumkin. Dastlabki tashkil topgan davrida Mirzo Ulug‘bek madrasasida 200 dan ortiq talaba tahsil olgan bo‘lsa, keyingi davrlarda ular soni kamaygan. Masalan, 1868 yil ma’lumotlariga ko‘ra, madrasadagi 24 ta hujrada 48 nafar mullavachcha yashagan bo‘lsa, 1873 yilga kelib talabalar soni 30 nafarga tushib qolgan. XX asr boshlariga kelib esa talabalar soni 108 nafarga yetgan, ularga Yormuhammad va Abdukarim kichkina mudarrislik qilgan.
Mirzo Ulug‘bek madrasasi faoliyatining so‘nggi davrlarida mazkur ta’lim dargohida mashhur ma’rifatparvarlardan mudarrislar tayinlangan. Masalan, 1909 yildan Mirzo Ulug‘bek madrasasiga Saidahmad Vasliy Samarqandiy (1870-1925) mudarrislik qilgan. Saidahmad Vasliy 1917 yildan keyin ham o‘zining pedagogik faoliyatini davom ettirgan. Mirzo Ulug‘bek madrasasida ochilgan o‘qituvchilar tayyorlash kursida umrining oxirigacha (1925 y.) yosh o‘qituvchilarga dars bergan.
1926 yilning sentyabr oyida bugungi kunda Universitet xiyoboni deb ataladigan bulvarda shahar aholisining ommaviy mitingi bo‘lib, unda oliy o‘quv yurti ochish to‘g‘risida qaror qabul qilindi va bo‘lajak universitet o‘quv binosini yaratish uchun poydevorning dastlabki g‘ishti tantanali ravishda qo‘yildi. Samarqandda oliy pedagogik o‘quv yurti ochish to‘g‘risidagi masala hukumat miqyosida ancha oldin 1925 yil 3 martdagi Respublika Xalq maorifi komissarligi Kollegiyasining maxsus yig‘ilishida muhokama qilingan edi. Turli yo‘nalishlar bo‘yicha oliygohga qabul jarayonlari 1927 yilning 2 yanvaridan boshlanib, o‘zbek tilidan birinchi sinovni mashhur o‘zbek olimi va mutafakkiri Abdurauf Fitrat o‘tkazganligini ta’kidlash lozim. 1927 yil 22 yanvarda esa Samarqandda Oliy pedagogika instituti tashkil etilganligi tantanali e’lon qilindi.
Bir so‘z bilan aytganda, Amir Temur va uning vorislari davrida Movarounnahr va Xurosonda markazlashgan davlatga asos solinishi, tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishi, shaharlar taraqqiyoti ilm-fanning rivojida asosiy omil bo‘ldi. Ayniqsa, Mirzo Ulug‘bek asos solgan Samarqanddagi madrasai oliya va ushbu ta’lim dargohi qoshidagi ilmiy tadqiqot markazi – Ulug‘bek rasadxonasi faoliyati bir necha asrlar davomida Sharq va G‘arb ilmu fanida dasturilamal bo‘lib xizmat qildi. Madrasa taraqqiyot darajasi, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayot ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda jamiyatdagi kadrlarga bo‘lgan talabni qondira olgan bosh muassasalardan biri hisoblanadi.
Mirzo Ulug‘bek madrasasi ba’zi siyosiy jarayonlar ta’siri natijasida o‘z faoliyatini bir muddat to‘xtatgan (1723-1765 yillar, taxminan 40 yildan ortiq) bo‘lsa-da, umumiy hisobda 1420 yildan 1927 yilgacha faoliyatini davom ettirgan. Shunday qilib, 600 yildirki, dastlab Mirzo Ulug‘bek madrasasi, uning davomchisi sifatida 1927 yil 22 yanvarda tashkil topgan bugungi Samarqand davlat universiteti mintaqada oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlovchi asosiy o‘quv muassasasi sifatida munosib faoliyat ko‘rsatib kelmoqda
Bobir G‘OYIBOV, Samarqand davlat universiteti “O‘zbekiston tarixi” kafedrasi mudiri, tarix fanlari doktori.
Sunnatillo MUHIDDINOV,
Samarqand davlat universiteti “O‘zbekiston tarixi” kafedrasi tadqiqotchisi.