Samarqand davlat universiteti o‘quv binolari dezinfeksiya qilinyapti
Samarqand davlat universitetida barcha o‘quv binolari va talabalar turar-joylarida koronavirusga qarshi dizenfeksiya ishlari bajarilmoqda.
- “Samarqand shahar dezinfeksiya” MChJ xodimlari universitetning mavjud oltita yotoqxonasi, har ikkala rektorat binosini sifatli dezinfeksiya qildi, - deydi MChJ rahbari Sherzod Ergashev. – Aslida bu amaliy ishga bir hafta oldin kirishilgan edi. Biz ishni ikki smenada tashkil etib, sanoqli kunlarda yakunlaymiz. So‘ngra boshqa oliy ta’lim muassasalari va maktablarda ishni davom ettiramiz. Kerak bo‘lsa, har bir oilani dezinfeksiya qilish imkoniyatimiz bor. Muhimi, vahimaga tushmaslik kerak.
- Men koronavirusdan tez orada qutilishimizga ishonaman, - deydi universitetning xorijiy o‘qituvchilar va talabalar yotoqxonasida istiqomat qilayotgan hindistonlik, SamDU ingliz tili kafedrasi mudiri, professor Ravindr Gargesh. - Har bir inshoot, bino, turar-joyda dezinfeksiya ishlari olib borilyapti. Tashvishlanishga, sarosimaga tushishga hojat yuq.
Bugunning o‘zida universitetning salkam 2 ming o‘rinli oltita yotoqxonasi va 2 ta fakulteti o‘quv binolarida virusga qarshi himoyalanish kimyoviy ishlari bajarildi.
Viloyatimizning barcha hududlarida bunday amaliy ishlar uyushqoqlik va hamjihatlikda olib boriladi.
Dilmurod DO‘STMURODOV.