Samarqand davlat universitetida xalqaro elektron jurnal tashkil etildi
Mamlakatimizning taraqqiyoti va eng rivojlangan davlatlar qatoridan o‘rin egallashi, avvalo, ilm-fanning rivojlanishiga bog‘liq. Shu bois ilm-fan taraqqiyotini jadallashtirish, olib borilayotgan tadqiqotlar mavzu ko‘lami va saviyasini jahon andazalariga tenglashtirish bugungi kunda dolzarb masalalardan bo‘lib turibdi. Bularning barchasi yurtimizda ta’lim sohasini isloh etish, ilmiy-pedagogik va ilmiy tekshirish muassasalarida olib borilayotgan ilmiy va innovatsion faoliyatni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va amaliyotga joriy etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarga bog‘liq.
Samarqand davlat universitetida “Til, ta’lim, tarjima” xalqaro elektron jurnali tashkil qilindi. Unda 2020 yildan boshlab filologiya ixtisosliklari bo‘yicha dissertatsiyalar asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan OAK ilmiy nashrlar ro‘yxatiga kiritildi.
- “Til, ta’lim, tarjima” xalqaro elektron jurnali Amerika Qo‘shma Shtatlarining Crossref.org tizimiga kiritiladi hamda har bir maqolaga doi raqam beriladi. Bu esa mamlakatimiz olimlarining o‘z ilmiy tadqiqotlari natijalarini dunyo ilmiy jamoatchiligiga tanitishlariga yaqindan yordam beradi, - deydi jurnal bosh muharriri universitet professori Ibodulla Mirzayev. - Jurnalda til, ta’lim va tarjima masalalariga bag‘ishlangan maqolalar o‘zbek, rus va ingliz tillarida qabul qilinadi.
Hozirgacha jurnalning ikkita soni o‘quvchilar qo‘liga yetib bordi. Ayni paytda xalqaro jurnalning navbatdagi soniga maqolalar qabul qilinmoqda.
Tolib JO‘RAYeV,
SamDU dotsenti.