Samarqand dehqon bozorlari va savdo komplekslari faoliyatida aniqlangan 1687 ta kamchilikning 1206 tasi bartaraf etilgan
Bu haqda viloyat hokimligida dehqon bozorlari va savdo komplekslari faoliyatini tartibga solish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, bozor tushumlari rejasining bajarilishining ahvoli to‘g‘risida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilingan.
Qayd qilinishicha, joriy yilning may oyida ham bu masalalar tanqidiy ko‘rib chiqilgan. Yig‘ilishda har bir bozor va savdo kompleksidagi qurilish-obodonlashtirish ishlari, sotuvchi va xaridorlarga yaratilayotgan sharoit hamda veterinariya-sanitariya xizmatidagi kamchiliklarni bartaraf etish chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
Bugungacha ushbu chora-tadbirlar asosida jami 8,9 milliard so‘mlik ishlar amalga oshirilgan.
Misol uchun, jami 68,9 ming kvadrat metr joyga beton qoplamasi, 17,4 ming kvadrat metr joyga asfalt qoplamasi, 5 ming kvadrat metrga tosh-shag‘al to‘shalgan.
Shuningdek, Oqdaryodagi Yangiqo‘rg‘on molbozori zamonaviy ko‘rinishda yangidan qurilgan. Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Tasmachi” dehqon bozori to‘liq rekonstruksiya qilingan va “Siyob dehqon bozori”ning tom qismi to‘liq izolyasiyalandi, maxsus go‘sht va baliq sotish joyi tashkil etilgan.
Bugungi kunda viloyat dehqon bozorlari va savdo komplekslari faoliyati bilan bog‘liq 1687 ta kamchilikdan 1206 tasi yoki 71 foizi bartaraf etilgan bo‘lsa-da, 481 ta muammoga haligacha barham berilmagan.
Yo.GADOYeV.