“Samarqand-Qarshi” yo‘lining Nurobod tumani hududidagi YTHda onaxon mo‘’jiza tufayli omon qoldi. Ammo aybdor aniqlanmadimi?
Xabaringiz bor, yaqinda Samarqand-Qarshi yo‘lidagi katta trassada o‘nlab mashinalar ishtirokida avtohalokat yuz bergandi. Ushbu avtohalokatlarning oxirgi nuqtasida sodir bo‘lgan holat – zarb bilan bir avtomobilning boshqasi ostida qolib ketganligi ko‘pchilikning yuragida g‘ulg‘ula uyg‘otgandi. Aynan o‘sha mashina ostida qolib ketgan avtomobilning oldingi o‘rindiqlarda o‘tirib kelayotgan onaxon mo‘’jiza tufayli omon qolgan. Ayni paytda onaxon Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filialida davolanmoqda. Shifokorlarning aytishlariga qaraganda, mo‘’jiza tufayli omon qolgan onaxonning ahvoli jiddiy parvarishga muhtoj.
- Onamning bu mudhish hodisada omon qolgani uchun Yaratgandan minnatdorman, - deydi onaxonning o‘g‘li Jahongir Rahimov. – To‘g‘risi, Qashqadaryodan bo‘lganim uchunmi, bu yerda kimga murojaat qilishni bilmayroq turibman. Shu paytgacha mazkur YTHning aybdorlari nahotki, topilmagan bo‘lsa? Shifokorlarga rahmat, onamning ahvolini yaxshilashga harakat qilishmoqda. Shifoxonaning o‘zidan dori-darmon qilishayapti. Ammo har kuni qo‘shimcha bir million so‘mga yaqin dori-darmon va boshqa xarajatlarni qilyapman. Ahvoli ozroq yaxshilangach, hali bir nechta operatsiyani boshidan o‘tkazishi kerak. Haydovchi yo‘llar muz bo‘lsa-da, yuqori tezlikda harakatlangan, yo‘lovchi tashish uchun litsenziyasi bo‘lmagan ekanligini bildim. Haydovchi, orqa o‘rindiqda o‘tirganlar yengil tan jarohatlari olgan. Umuman, mazkur YTHda eng og‘ir holatda jabrlanganlardan biri onam. Ammo menga na aybdor haqida aytishdi, na tegishli xodimlar tomonidan onamning ahvoli so‘raldi. Yaqinda onam jiddiy operatsiyani boshidan o‘tkazishi kerak. Suyak orasiga plastina qo‘yilishi lozim bo‘lib, shuning o‘ziga qariyb 1000 AQSh dollari mablag‘ kerak ekan.
- Toshkentdan Qashqadaryoga ketayotgandik, - deya gapirib beradi Nazira Hasanova. – Yo‘llar muzlama, atrof tuman edi. O‘sha halokat yuz bergan daqiqalarni umuman eslay olmayman. Faqat bir zarb bo‘lib, hushimdan ketdim. Shifokorlarning aytishicha, bir haftadan so‘ng o‘zimga keldim. Ko‘zimni ochsam, hammayog‘im bintlab tashlangan. Yetti-sakkiz joying singan, deyishyapti.
Onaxonga qarovchi shifokor Nazira ayaning ahvoli juda jiddiy ekanligini aytmoqda.
- Onaxonning ahvoli og‘ir, bunday holatda tirik qolishning o‘zi mo‘’jiza, - deydi shifokor Sanjar Saidmurodov. – Birinchi bosqich operatsiya jarayonlari o‘tdi. Endilikda onaxonni ikkinchi bosqich jarrohlikka tayyorlayapmiz.
Xullas, Nazira aya og‘ir ahvolda. Farzandlari esa nahotki, aybdor hamon aniqlangani yo‘qmi yoki qo‘shni viloyatdan bo‘lganimiz uchun e’tiborsizlik bo‘layaptimi, degan xavotirda.
Gulruh MO‘MINOVA.