Samarqand shahar Bo‘ston mahallasidagi yongan transformator ta’mirlanmoqda

Joriy yilning 4 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda transformator yonayotgani aks etgan video lavha tarqalgandi. Ushbu holat yuzasidan amalga oshirilgan o‘rganishlarda “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari” korxonasi tomonidan quyidagilar aniqlandi.

Ya’ni, 4 oktyabr kuni soat 15:20 da shahar yong‘in xavfsizlik bo‘limi tomonidan “Samarqand shahar elektr tarmoqlari” korxonasining tezkor dispetcheriga qo‘ng‘iroq bo‘lgan. Shundan so‘ng maxsus brigada Samarqand shahar Bo‘ston mahallasidagi yonayotgan 13-20 TP 400 kVa ni o‘chirish uchun yuborilgan.

O‘rganishlarda shular ma’lum bo‘ldiki, qisqa tutashuvlar oqibatida TEN 250 amperli uskuna kuyganligi sabab yong‘in kelib chiqqan. Yong‘in shu kuni 16:40 da bartaraf etilgan. Yong‘inda hech kimga ziyon yetmagan. Hozirda ushbu transformator “Samarqand shahar elektr tarmoqlari” korxonasida ta’mirlanmoqda va tez orada o‘rnatilib, elektr energiyasi tarmoqqa qayta ulanadi.

Keltirilgan noqulayliklar uchun mazkur mahalla ahlidan uzr so‘raymiz.

“Samarqand hududiy elektr tarmoqlari” korxonasi matbuot xizmati.