Samarqand shahri deputatlarining o‘z qarori ijrosiga beparvoligi yoki har ishda bir xayr borligiga jonli misol
Murojaatchining yozg‘irishicha, xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi ularning mahallasi bilan bog‘liq qaror qabul qilgan. Biroq qaror ijro etilmasligi oqibatida mahalla ahli arosatda qolmoqda.
“Qarorni qabul qilishmagani qaytaga yaxshi edi”, deydi murojaatchi. “Baski shunday to‘xtamga kelishgan ekan, nega unda deputatlar ishning oxiriga yetkazilishini nazorat qilishmaydi?”
Rost, murojaatchi bejiz tashvishga tushmayapti. Negaki, xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashining joriy yil 18 maydagi 06-29/222 sonli qarorida ko‘hna kentdagi xalqaro aeroport ortida joylashgan "Liftsozlik", "Giprozem-Navro‘z", "Bog‘ishamol-Faroch", "Bahor", "Bahora-2", "Oltin kuz", "Vesna" kabi bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlaridagi 775 xo‘jalikda yashovchi fuqarolarning murojaatlariga asosan ushbu hudud "Zarafshon" mahalla fuqarolar yig‘ini bilan birlashtirilishi belgilangan.
Qaror bilan mahalla fuqarolar yig‘ini chegarasiga o‘zgartirish kiritish nazarda tutilgan.
Ushbu qaror ijrosi ta’minlanmayotganidan norozi bo‘lgan Z.Qarshiyeva turli instansiyalarga murojaat yo‘llamoqda. Vaholanki, birgina qaror ijrosiga jiddiy kirishish, deputatlar buni nazorat qilishi orqali, avvalo, qanchadan-qancha aholining o‘z hayotidan rozi bo‘lishiga erishish mumkin edi?! Bu orqali odamlarda hukumatga, deputatlarga ishonch ortishi tabiiy.
Ammo amalda buning aksi bo‘lgani tufayli murojaatchilarda qator savollar tug‘ilmoqda:
"Nima uchun xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashining qarori hamon o‘z ijrosini kutib turibdi?", "Uning ijrosiga nima to‘sqinlik qilmoqda?", "Yana qancha qarorlar qog‘ozlarda qolib ketyapti?"
Albatta, mazkur hududdan saylangan viloyat Kengashi deputati sifatida ushbu savollarga javob topish, qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan o‘rganishlar olib boryapman.
Qolaversa, saylovchilar bilan yaqin aloqa o‘rnatish, ularni qiynayotgan muammolardan doimiy xabardor bo‘lish maqsadida alohida telegram guruhini ishga tushirdik. Shuni aytsalar kerakda, har ishda bir xayr bor, deb.
Badriddin Nasriyev,
xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.
***
P/s: O‘ylaymizki, xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi yuqorida qayd etilgan savollarni o‘rganib chiqib, ularning javoblarini keng jamoatchilikka ma’lum qiladi.