Samarqand shahrida 300 ming tup manzarali daraxt va buta ko‘chatlari ekiladi

2022 yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida joriy yilda Samarqand shahrining asosiy turizm yo‘nalishlari bo‘yicha 300 ming tupga yaqin turli manzarali daraxt va buta ko‘chatlarini o‘tqazish rejalashtirilgan.

Ayni kunda arxitektura va landshaft-dizayni talablari asosida Samarqand shahriga ko‘rk beruvchi manzarali daraxt va buta ko‘chatlari ekish ishlari boshlanib ketdi.

Viloyat hokimligi tomonidan tasdiqlangan ish rejaga muvofiq, turizm yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan Samarqand xalqaro aeroportidan Ibn Sino, Bo‘stonsaroy ko‘chalari hamda Universitet xiyoboni bo‘ylab 1945 dona manzarali daraxt, 46,5 ming dona butalar ekiladi. 5-yo‘nalish - Shohi Zinda maqbarasidan Usta Umar Jo‘raqulov ko‘chasi orqali M-39 avtomagistraligacha bo‘lgan 9,5 kilometr masofali yo‘lning ikki tarafiga 35 mingdan ortiq daraxt va butalar o‘tqazildi.  

Ayni kunlarda «Samarqandyo‘lko‘kalam» unitar korxonasi ishchi-xizmatchilari shahardan tashqari Oqdaryo, Payariq hamda Samarqand tumanlari hududidan o‘tuvchi turizm yo‘nalishlariga ko‘chat ekish uchun yer tayyorlamoqda. Ular umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari yoqalariga 13,5 mingdan ortiq qarag‘ay, mojjevelnik, Yapon saforasi, katalpa, klyon, yasen, tut kabi 20 turdagi manzarali daraxt va butalar hamda 100 mingdan ziyod gul ko‘chatlari ekadi.

Dilmurod To‘xtayev.