Samarqand shahrida 7 kilometrdan ziyod yangi ichimlik suvi va oqava tarmoqlari tortilmoqda
Samarqand shahri aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va sifatli kanalizatsiya tarmoqlaridan foydalanishi uchun respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan yangi loyihalar asosida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Lohutiy ko‘chasidan Rudakiy ko‘chasi bo‘ylab shahar oqava suvlarini ko‘tarib berish nasos stansiyasigacha, 0,8 kilometr oqava suv tarmog‘ini, Bo‘stonsaroy va Amir Temur ko‘chalari kesishmasidan “Samarqand xalqaro aeroporti”gacha 6,6 kilometr ichimlik suvi tarmog‘ini tortish, Gagarin va Rudakiy ko‘chalaridan Chuqur-yo‘l ko‘chasigacha oqava suv tarmog‘ini ko‘chirish yuzasidan qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda.
Bu ezgu ishlar 2019 yilda boshlangan bo‘lib, 2020 yilning yakuniga qadar nihoyasiga yetishi rejalashtirilgan. Bugungi kunda shaharning har bir hududida ichimlik va oqava suv tarmoqlari yangidan tortilayapti, mavjudlari yangilanmoqda. Natijada aholining ichimlik suvi, kanalizatsiya tarmog‘iga bo‘lgan talablarining katta qismi qondiriladi. Tarmoqlarda kelib chiqqan nosozliklar bataraf etilib, aholi toza ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatidan foydalanish imkoniga ega bo‘lmoqda.
Komilbek YuSUPOV,
“Samarqand suv ta’minoti” MChJ korxonasi direktori.