Samarqand shahrida yerosti yo‘li qayta ochildi, Navoiy nomli ko‘cha ko‘rkamlashyapti

Samarqand shahridagi Alisher Navoiy ko‘chasi zamonaviy ko‘rinishga keltirilmoqda. 1800 metr uzunlikdagi masofada obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Shu ko‘chada joylashgan “Sharq yulduzi” kinoteatri, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish nuqtalari ham ta’mirdan chiqarilyapti. 1000 metr masofada yashil maydon barpo etilib, 900 metrlik piyodalar yo‘lagi yotqizilmoqda. Barcha aloqa kommunikatsiya, elektr, tabiiy gaz, ichimlik suvi tarmoqlari zamonaviylariga almashtirilmoqda. Ko‘chada zamonaviy choyxona, ko‘chma savdo do‘konlari tashkil etiladi. Hududga 100 ta o‘rindiq va 1200 ta tungi yoritkich chiroqlari o‘rnatiladi. Shuningdek, musiqali favvora ham qurilishi belgilangan.

Bunyodkorlik ishlari davomida eski yerosti yo‘li qayta ochilib, piyodalar harakatlanishi uchun qulaylik yaratildi.

- Biz viloyat hokimligiga Alisher Navoiy va Amir Temur ko‘chalari kesishmasidagi yerosti yo‘lini qayta ochish taklifi bilan chiqdik, - deydi bunyodkorlik ishlarini olib borayotgan qurilish tashkiloti ish yurituvchisi O‘ktam Mavlonov. – Tashabbusimiz qo‘llab-quvatlandi va ishlar boshlandi. Bu yerosti yo‘li rekonstruksiya qilindi, yo‘lakda zamonaviy hojatxona bunyod etildi. 

Ko‘chaga tutash maydonda zamonaviy amfiteatr ham barpo etilmoqda. Bunyodkorlik ishlari ikki oy ichida yakuniga yetkazilib, yangi qiyofadagi ko‘cha Mustaqilligimizning o‘ttiz yilligi arafasida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Dilmurod To‘xtayev,

Baxtiyor Mustanov.