Samarqand shahrida imkoniyati cheklansada, iste’dodi cheklanmagan yoshlar taqdirlandi

Ha, bu oddiy tanlov emas. Unda imkoniyati cheklangan bo‘lsa-da qo‘liga, oyog‘iga qalam olib dunyoni bor ranglarini qog‘ozga tushirgan rassomning, to‘quvchining, qo‘g‘irchoq yasovchining chinakam iste’dodi namoyon.

Samarqand shahar «Barkamol avlod» markazida yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tomonidan o‘tkazilgan “Vatan - mening nigohlarimda!” ko‘rik tanlovining viloyat bosqichida mana shunday matonat egalarining haqiqiy san’at asariga guvoh bo‘lish mumkin. Ular qalb kechinmalarini, Vatan madhini, manzaralarini shunday go‘zallik bilan ifoda etganki, ko‘rgan kishi hayratlanmay qolmaydi.

- Rassom kimgadir ayta olmagan haqiqatlarini, sirlarini, dardlarini turli bo‘yoqlar orqali chizgan suratlarida oshkor etadi, - deydi tanlov g‘olibi Ozodbek Rahmatov. – Ba’zan rasm chizib inson ma’naviy ozuqa oladi. Bu kabi tanlovlar bizlarni ruhlantirib, o‘z ustimizda yanada ko‘proq ishlashga, yangi-yangi g‘oyalar aks etgan suratlar chizishga undaydi.

Imkoniyati cheklangan iste’dodli yoshlarni izlab topish, yangi umidli ijodkorlarni kashf etish, ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan. Tanlovda 16 ta shahar va tumanlarda g‘olib bo‘lgan 7-14 yoshgacha 31 nafar, 14-30 yoshgacha 43 nafar iste’dodli o‘g‘il-qizlar tasviriy san’at, to‘qish, qo‘g‘irchoq yasash, hunarmandchilik yo‘nalishlarida o‘z mahoratlarini namoyish etishdi.

G‘oliblar “Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar” markazining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Nasiba JONTO‘RAYeVA.