Samarqand shahridagi 186 ta avtobekatlarning 14 tasi ta’mirtalab

Joriy yilning 10 mart kuni Zarnews.uz telegram kanali orqali “Bekatlar egasiz qoldimi?” rukni ostida maqola chop etilgan edi. Unda “Siyob dehqon bozori” yaqinidagi tramvay bekati qarovsiz holga kelganligi, katta oynalari singanligi, bekat ichkarisida chiqindilar sochilib yotganligi hamda o‘rindiqlari yo‘qligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi xodimlari tomonidan maqolada ko‘rsatilgan bekatlar va Samarqand shahridagi boshqa oraliq bekatlari o‘rganib chiqildi. O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, bugungi kunda shahrimizda 186 ta avtobekatlar mavjud bo‘lib, shundan 14 tasi ta’mirtalab ahvolda.

Jumladan, Kimyogarlar shaharchasida 1 ta, Gagarin ko‘chasida 3 ta, Farhod shaharchasida 1 ta, O‘zbekiston ko‘chasida 1 ta, Spitamen ko‘chasida 3 ta, Navoiyshoh ko‘chasida 1 ta, “Hazora avtoboshbekati” yonida 1 ta, Harbiylar shaharchasiga kirish joyida 1 ta, Shohi Zinda ko‘chasida 2 ta ana shunday bekatlar mavjud.

Yuqoridagilarni inobatga olib, shahardagi ta’mirtalab avtobekatlarning ta’mirlanishiga va jihozlanishiga, qurilishi rejalashtirilgan yangi avtobekatlarni kelishilgan loyiha asosida qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha Samarqand shahar hokimiyatiga xat bilan murojaat qilindi.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati.