Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash uchun 3 milliarddan ko‘proq kredit ajratilgan
Joriy yilda Samarqand shahrida 3 ta 16 qavatli, 5 ta 7 qavatli hamda 47 ta 12 va 16 qavatli uy-joylar qurilmoqda.
Ko‘p qavatli uylarni 2020-2021 yil kuz-qish mavsumiga tayyorlash borasida shahardagi 30 ta shirkatlarga qarashli 77 ta uy-joylarni bank kreditlari asosida ta’mirlash maqsadida 3,17 milliard so‘mlik dastur ishlab chiqilgan.
Bu haqda xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashida shahar hokimining o‘rinbosari axborot bergan.
Dasturga muvofiq, 21 ta uyning 5 900 kvadrat metr tom qismi, 110 ta uyning kirish yo‘laklari ta’mirlanadi. Shuningdek, 53 ta uyga kodli qulflar o‘rnatiladi, 57 ta uyning yerto‘lasidagi tarmoqlarni ta’mirlash, 20 ta uyning fasad qismini, 31 ta elektr shitlarini va boshqa ta’mirlash ishlari rejalashtirilgan.
Shu bilan birga viloyat hokimligi homiylik mablag‘lari hisobidan 50 ta ko‘p qavatli uy-joylar mukammal ta’mirlanib, 26 ta uy-joylarda mukammal ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Bugungi kunga qadar 31 kilometr elektr tarmoqlari himoyalangan yopiq simlarga almashtirilgan. 223 kilometr elektr liniyalar hamda 128 ta tranformator punktlari mukammal ta’mirlangan. Shuningdek, 134 ta yog‘och ustunlar temir-beton ustunlarga almashtirilib, qo‘shimcha 7 ta transformatorlar o‘rnatilgan.
Gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida 21 kilometr tarmoqni qurish ishlari olib borilmoqda.
Ichimlik suvi ta’minoti borasida 200 milliard so‘mdan ko‘proq 14 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Yaqinda Cho‘pon Ota suv inshootidan keladigan magistral tarmoqlarning Rudakiy ko‘chasidan hamda Afrosiyob ko‘chasidan o‘tgan qismlari foydalanishga topshirilgan.