Samarqand shahridagi maktablarda qanday muammolar bor?

Samarqand shahridagi 65-umumiy o‘rta ta’lim maktabida viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Zebiniso Shodiyeva shahardagi maktablar va o‘qituvchilar muammolari, ota-onalarning murojaatlarini eshitish maqsadida sayyor qabul o‘tkazdi.

- Farzandim 2015 yilning yanvar oyida tug‘ilgan, uni shu yil maktabga bermoqchiman, ammo maktabga qabul qilmayapti, - dedi Feruza Najibayeva. – Shu masalada amaliy yordam bersangiz.

- Yangi tartibga ko‘ra, bu yil 1-sinfga yetti yoshga to‘lgan, 2014 yilning 1 yanvaridan 31 dekabriga qadar tug‘ilgan bolalar qabul qilinadi, - dedi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i. - Shuning uchun sizning farzandingizni 1-sinfga qabul qilolmaymiz. Maktabga qabul bo‘yicha elektron platforma yaratilgan, unga bola haqidagi ma’lumotlar joylangach, uning yoshi kichikligi ma’lum bo‘ladi. Shuning uchun siz hozircha bolangizni maktabga tayyorlov kurslariga bering.

Samarqand shahri maktablarining eng og‘riqli muammosi bola soni maktab sig‘imidan ortiqligidir. Sayyor qabulda ayrim maktab direktorlari shu masalani ko‘tarib chiqdi. Masalan, 48-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktorining aytishicha, maktab 1000 o‘ringa mo‘ljallangan. Unda qariyb 2500 o‘quvchi ta’lim olyapti. Sinflar yetishmagani bois 300-450 nafar o‘quvchi 49-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga borib o‘qishga majbur bo‘lmoqda. Maktab hovlisida qo‘shimcha bino qurish uchun joy bor, agar mablag‘ ajratilib, qo‘shimcha bino qurilsa, ushbu muammo hal bo‘ladi.

Sayyor qabulda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘iga 23 ta murojaat tushdi. Shundan 4 tasi ijobiy hal etildi, 11 ta murojaat bo‘yicha tushuntirish berildi. Murojaatlarning asosiy mazmuni bolani maktabga joylashtirish, maktabdan maktabga ko‘chirish, qurilish ta’mirlash ishlari va qo‘shimcha bino hamda sport zallariga ehtiyoj haqida bo‘ldi.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i yangi o‘quv yili boshlanguniga qadar barcha tumanlarda sayyor qabullar o‘tkazishni rejalashtirgan.

Xurshida ERNAZAROVA.