Samarqand tumanida elektr tarmoqlari korxonasi texnigi va hisobchisining firibgarligi fosh etildi

"Korrupsiya va boshqa qonunbuzilish holatlarining oldini olish maqsadida ASKUE hisoblagichlari o‘rnatish boshlangach, bu holatlarga chek qo‘yildi".

“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Samarqand hududiy filiali korrupsiyaga qarshi kurashish va kompleans nazorat xizmati rahbarining bu gapni aytganiga hali bir oy ham to‘lib ulgurmagandi.

Qarangki, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tuman elektr tarmoqlari korxonasi texnik xodimi R.R. va hisobchisi S.T. fuqaro F.B.ning xonadonida elektr tarmog‘idan foydalanish tartibini buzganligi bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirmaslik hamda hisoblagich ko‘rsatkichini “0” qilib berish evaziga 7,5 million so‘m olganliklari aniqlangan.

Ma’lum qilinishicha, firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritilgan pulning 5 million so‘mi qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.