Samarqand tumanidagi maktab yerlari egallab olinyapti: Toyloq maktablari bundan mustasnomi?
Bu mavzuga joriy yilda uchinchi bor to‘xtalishimiz. Sababi ko‘tarilgan masalaga yechim topilmagan. Aytmoqchi bo‘lganimiz yana MAKTAB! Maktablarning yangi o‘quv yili va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini o‘rganish bo‘yicha bu safargi manzilimiz Samarqand va Toyloq tumani bo‘ldi.
Samarqand tuman maktablariga 673 tonna briket va 207 tonna ko‘mir ajratildi
– Samarqand tumanida 54 ta maktab va 1 ta “Barkamol avlod” bolalar markazi faoliyat yuritadi, – deydi tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Bahriddin Mardonov. – Yangi o‘quv yilidan boshlab 40 ming 39 nafar o‘quvchiga 2233 nafar pedagog-xodim saboq beradi. Maktablarimiz deyarli yangi o‘quv yiliga tayyor va binolarni kuz-qish mavsumida isitish maqsadida ishlar davom etyapti. Joriy yil uchun maktablarga 673 tonna briket va 207 tonna ko‘mir ajratildi. Bu tumanimizdagi maktablar uchun kam emas va mavsum davomida yetadi.
Tumandagi 21-maktabga investitsiya dasturi asosida 2 milliard 382 million so‘m ajratilib, 360 o‘rinli qo‘shimcha bino qurildi. 26-umumiy o‘rta ta’lim maktabi esa 1 milliard 798 million 100 ming so‘m mablag‘ evaziga kapital ta’mirlanmoqda. Shuningdek, 38 va 42-maktablar “Obod qishloq” dasturiga kiritilib, 3 milliard 762 million 300 ming so‘mlik mukammal ta’mir va 300 o‘rinli qo‘shimcha bino qurish ishlari ketmoqda. Shu bilan birga, boshqa maktablarni joriy ta’mirlash uchun mahalliy byudjet hisobidan 139 million 549 ming so‘m hamda isitish qozonlarini almashtirish, mebel jihozlari va kompyuter vositalari uchun 953 million 853 ming so‘m ajratilgan.
Yangi maktabga yarashmagan eski partalar
26-umumiy o‘rta ta’lim maktabida qurilish ishlari avjida. “Srochplast servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Salim Jalolovning ta’kidlashicha zamonaviy qiyofaga kirayotgan maktab yangi o‘quv yiligacha foydalanishga topshiriladi.
– Maktabimiz 1968 yilda qurilgan bo‘lib, juda xarob ahvolda edi, – dedi maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Maysara Usmonova. – Binosi kapital ta’mirlanib, zamon talablariga mos sharoit yaratilmoqda. Ammo yangi partalar berilmayotgani bois eskilarini yaroqsiz bo‘lsa-da, ishlatish uchun ranglayapmiz. Ular yangilaganda o‘quvchilarimizning quvonchi yanada ortardi.
Haqiqatan, maktab yangi bo‘lyaptiyu, biroq partalar sinib, yaroqsiz holatga kelib bo‘lgan. Ularga rang berib, yangi binoga olib kiriladigan bo‘lsa, qilingan ishlar ham ko‘zga ko‘rinishi qiyin. Harqalay, “zovuch” aytganidik bu maktab o‘quvchilari ham zamonaviy partalarda o‘tirib, bilim olishni istashsa ne ajab.
Sport zali qurish mumkin bo‘lgan maktab yeri tadbirkorga berildi
Tumandagi 29-umumiy o‘rta ta’lim maktabidamiz. Ochig‘i, maktab raqamini ko‘rmagan odam bu ta’lim muassasasi ekanini bilishi qiyin. Negaki, atrof ochiq va aholi xonadonlari maktab bilan bog‘lanib ketgan. Muassasa rahbari Nodira Buronova ham ko‘p yildan buyon shu muammodan aziyat chekayotgani va bir necha marta tegishli tashkilotlarga murojaat qilganini aytdi. Gapning so‘ngida esa “Shu masala bo‘yicha birovga uchrashishga ham yuz qolmadi”, dedi opa.
Ha aytgancha, maktabning bir tomonida tadbirkor ham faoliyat olib borar ekan. Direktorning ta’kidlashicha, 2009 yilda tuman hokimining qarori bilan maktab hududining o‘sha qismi tadbirkorga berilgan va u yer maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasiga aylangan. Taajjub, nahotki maktab hududidan tadbirkorga yer ajratish va hech qanday chegara to‘siqlari qo‘ymay u yerdan foydalanish mumkin bo‘lsa!? Axir shu joyda sport zali qurish ham mumkin edi-ku. Chunki 1994 yilda qurilgan muassasaning hanuzgacha sport zali yo‘q ekan. Ehtimol, yangi tuman rahbari va qolgan mutasaddi tashkilot mas’ullari shu masalani o‘ylab ko‘rishar.
Maktab eski bo‘lishiga qaramay yangi o‘quv yiliga tayyorlashga harakat qilingan. Sinfxona pollari va devorlariga rang berilgan. Ammo binoning ayrim joylaridagi yoritkich chiroqlari ishlamaydi. Maktab hovlisida ham obodonlashtirish ishlari olib borilmagan. Muassasada 16 ta zamonaviy kompyuter bo‘lsa-da, ular internet tizimiga ulanmagan, foydalanilmasdan chang bosib yotibdi.
Hokim maktab yeridan uy qurishda nimani o‘yladi?
– Maktabimiz binosi 480 o‘ringa mo‘ljallab qurilgan bo‘lib, yangi o‘quv yilidan 675 nafar o‘quvchi tahsil oladi, – deydi Samarqand tumanidagi Konigil mahallasida joylashgan 53-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Sharof Ortiqov. – Sinfxonalar tabiiy gaz bilan isitiladi va bu borada bizda muammo yo‘q. Isitish tarmog‘i eskirgani bois almashtiryapmiz. Boshlang‘ich sinflarga darslarni namunali va tushunarliroq tashkil qilish maqsadida 8 ta xonaga homiylar yordamida televizor o‘rnatdik. Binoni ham imkon darajasida tayyorlashga harakat qildik.
Haqiqatan maktab juda eski, ta’mirga muhtoj bo‘lsada o‘quv yiliga tayyorlangan. Biroq sport zali va yuvinish xonalari mutloqo abgor. Sport inventarlari ham kichik bir xonada pala-partish, chang bo‘lib yotibdi. Maktab hududi esa qaqrab, foydalanish mumkin bo‘lgan yerlar bo‘sh turipti. Muassasa rahbari bu holatni suv muammoligi va u yerning tuprog‘i yaroqsiz ekani bois biror narsa yetishtirish mushkulligi bilan izohladi.
Darvoqe, maktablar hududidan odamlarga joy ajratib berish mazkur tumanda urfga aylangan shekilli, bu maktabdan ham bir fuqaro uchun yer ajratib berilgan va devorlari ko‘tarilgan.
Nahotki, yurtimizda ta’lim sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgan bir paytda maktab hududidan boshqa maqsadlarda foydalanish to‘g‘ri bo‘lsa!?
Toyloqda maktablar soni ikkitaga ko‘paydi
– Tumanda 58 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi va 1 ta “Barkamol avlod” bolalar markazi bor edi, – deydi Toyloq tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Zumrad Saloxova. – Xo‘jaqishloq mahallasida joylashgan iqtisodiyot va servis hamda G‘o‘lba mahallasidagi tadbirkorlik va servis kasb-hunar kollejlari binosida yangi maktab tashkil etish bo‘yicha tuman hokimining qarori qabul qilindi. Endi 60 va 61-umumiy o‘rta ta’lim maktablari ham faoliyat yuritadi. Joriy o‘quv yili uchun ayrim qurilish ishlari ketayotgan maktablarni aytmaganda, barcha maktablar mavsumga tayyor. 2019-2020 o‘quv yilidan 35 ming 331 nafar o‘quvchini qabul qilish rejalashtirilgan.
Tumandagi 3-maktab investitsiya dasturiga ko‘ra hamda 18, 30 va 45-umumiy o‘rta ta’lim maktablari esa “Obod qishloq” dasturiga kiritilib, mukammal ta’mirlanmoqda. Joriy yil kuz-qish mavsumi uchun tuman maktablariga 704 tonna briket va 1070 tonna ko‘mir ajratilgan.
Chekka qishloq maktablariga sport zali kerak emasmi?
50-umumiy o‘rta ta’lim maktabidamiz. 2004 yilda 300 o‘ringa mo‘ljallab hashar yo‘li bilan qurilgan bir qavatli maktab binosi 2017 yilda kapital ta’mirlangan. Joriy ta’mir esa tuman xalq ta’limi bo‘limi yordami va homiyda tomonidan amalga oshirilgan.
– Maktabimiz yangi o‘quv yiliga tayyor, ammo bizda jiddiy muammo bor, – dedi muassasa rahbari Ma’rasul Haydarov. – O‘quv xonalari yetishmasligi sababli kutubxonada kutubxona rahbaridan tashqari ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarim, yoshlar ittifoqining maktab yetakchisi, psixolog va tibbiyot hamshirasi ham o‘tiradi. “Rayono”ga bu haqda bir-ikki murojaat qildim, biroq natija bo‘lmadi.
Sinfxonalar yangi o‘quv yiliga hozirlangan, devor va pollarga rang berilgan. Ammo derazalarga quyosh nurini qaytaruvchi pardalar o‘rnatilmagan, kompyuter xonasida ham shu holat. Maktabda 21 ta kompyuter bor, biroq internetga ulanmagan.
Achinarlisi, muassasada sport zali yo‘q. Maktab hovlisida esa kichkinagina o‘yingoh tashkil qilingan, xolos. U yerda o‘quvchi-yoshlarning sport mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun imkoniyat yaratilmagan. Yomg‘ir va qorli kunlarda esa jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari qayerda va qanday o‘tkazishi bizga qorong‘u!
Maktab faqat quruvchiga kerakmi?
“Obod qishloq”qa kirgan 45-maktab yangi o‘quv yiligacha obod bo‘ladimikan degan xayol bilan maktab hududiga kirdik. Bu savolimizga “Davronbek gaz-suv qurilish servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati ish boshqaruvchisi Adham Ortiqovdan javob oldik, xolos. Negaki, muassasada na maktab rahbari va na ishchi-xodimlarni uchratdik.
– Mazkur maktab binosi “Obod qishloq” dasturi asosida kapital ta’mirlanyapti, – deydi A.Ortiqov. – Qurilish ishlariga 1 milliard 800 million so‘m ajratildi. Ishlarimiz qariyb yakunlanib qoldi va o‘quv yili boshlangunicha binoni topshiramiz.
Tuman xalq ta’limi bo‘limi xodimining bir necha bor telefon qilishlaridan so‘nggina muassasaga direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari yetib keldi. Uning aytishicha, maktabda joriy o‘quv yilidan boshlab 1024 nafar o‘quvchi ikki navbatda tahsil oladi. Bino esa to‘liq ko‘mir yordamida isitiladi. Ammo ko‘mir hali keltirilmagan.
Yangi o‘quv yili boshlanishiga sanoqli kunlar qoldi. Ishonamizki, maqolada ko‘rsatilgan kamchilik, muammo va takliflar o‘rganib chiqiladi, va albatta, bartaraf qilinadi.
Abdujabbor PO‘LATOV,
Bahriddin XONKELDIYeV,
Zarnews.uz muxbirlari.