Samarqand tumanidagi Mironqul-Ohalik tog‘ida adashib qolgan 18 yoshli yigit topildi
U tog‘ning 1000 metr balandligidan kechasi soat 01:30 da topilgan. Bu haqda viloyat FVB axborot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, 2024 yilning 17 avgust kuni soat 21:25 da viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga bir fuqaro Samarqand tumani Mironqul mahallasidagi tog‘larda dam olish maqsadida chiqib, yo‘ldan adashib qolganini ma’lum qilib, pastga tushib olishda yordam so‘rab murojaat qilgan.
Xabarga asosan, qidiruv-qutqaruv ishlariga Maxsus vazifalarni bajaruvchi mintaqaviy qutqaruv otryadining bir guruh qutqaruvchilari jalb qilingan. Qutqaruvchilar 18 avgust kuni soat 01:30 da 2006 yilda tug‘ilgan yigitni Mironqul-Ohalik tog‘ining dengiz sathidan 1000 metr balandligidan topishgan.
«Ushbu fuqaroning xavfsizligi ta’minlangan holda tog‘dan pastga olib tushilgan. Fuqaroning sog‘lig‘i yaxshi, unga hech qanday tan jarohatlari yetmagan», — deyiladi viloyat FVB xabarida.