Samarqand turizmi mahalla va qishloqlarga ko‘chyapti
Koronavirus pandemiyasi bugun global iqtisodiy inqirozga sabab bo‘lmoqda. Deyarli barcha davlatlar iqtisodiyoti, turli soha va tarmoqlari mazkur infeksiya tarqalishi tufayli katta zarar ko‘rib, hatto, to‘xtab qoldi.
Bu ayniqsa, xalqaro turizmga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Davlatlar aholi salomatligi xavfsizligini ta’minlash maqsadida o‘z eshiklarini yopdi, aviareyslar va boshqa transport vositalari qatnovi to‘xtadi. Bunday holat iqtisodiyoti faqat turizm bilan bog‘liq mamlakatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Keyingi yillarda sayyohlik jadal rivojlanayotgan mamlakatimizda ham ana shunday murakkat vaziyatda oqilona yo‘l tutgan holda turistik faoliyat bilan bog‘liq loyihalarni amalga oshirishga e’tibor susaytirilmadi. Garchi xorijiy va mahalliy sayyohlik ma’lum muddat to‘xtab qolgan bo‘lsa-da bu vaqt ichida joylarda yangi turistik ob’yektlarni tashkil etish, mavjudlari faoliyatini takomillashtirish ishlari davom etdi. Bugun esa yurtimiz shahar va qishloqlari, sayyohlik maskanlari bosqichma-bosqich mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun o‘z eshiklarini ochmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yil boshidan buyon Samarqand viloyatiga 49 500 nafar xorijlik sayyoh kelgan. Vaholanki, o‘tgan yilning shu davrida chet ellik mehmonlar 227 ming nafardan ko‘proqni tashkil etgan. Mahalliy sayyohlar ham o‘tgan yilgidan to‘rt barobar kam (286 ming kishi) keldi.
– Butun dunyo turizmida shunday holat kuzatilmoqda, – deydi viloyat turizmni rivojlantirish departamenti boshlig‘i Dilshod Narziqulov. – Hozirda epidemiologik holat barqarorlashgan bir qator davlatlar pandemiya sharoitida ham sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda sayyohlar qabul qilishni boshlayapti. Jumladan, bizda ham turistik kompaniyalar, mazkur faoliyat bilan shug‘ullanuvchi sub’yektlar davlat tomonidan berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar asosida ish boshlamoqda. Lekin shu paytgacha ham viloyatimizning turizm infratuzilmasini rivojlantirish, yangi turistik ob’yektlar barpo etish, sayyohlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish borasida belgilangan ishlarni amalga oshirdik. Xususan, yilning birinchi yarmida viloyat bo‘yicha 24 ta turistik loyiha ishga tushirildi. Samarqand shahri va Urgut tumanida jami 143 o‘rinli 6 mehmonxona, 162 o‘rinli 18 ta oilaviy mehmon uylari tashkil etildi. 11 ta yangi turoperator faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Viloyatimizga keladigan sayyohlar faqat Samarqand shahri va shahar atrofidagi tarixiy-madaniy meros ob’yektlariga sayohat qilish bilan cheklanmasligi uchun shahar tashqarisida borishi mumkin bo‘lgan joylarni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratyapmiz. Shu maqsadda yil boshidan buyon tumanlarda 13 ta yangi turistik marshrut tashkil etildi. Misol uchun, Samarqand tumanidagi Konigil qishlog‘ida namunali tipdagi “Turizm qishlog‘i”, Bog‘ibaland mahallasida esa “Turizm mahallasi” tashkil etilmoqda. Bu ikki hudud ham o‘ziga yarasha uzoq tarixga ega, hunarmandchilik, bog‘dorchilik bo‘yicha ibratli tajribasi bor. Ajodlaridan meros an’analarni bugungi avlod ham davom ettirib kelmoqda va tabiiyki, bu mahalliy va chet ellik sayyohlar uchun qiziqarli. Muhimi, bu hududlar turizm maskani bo‘lgach, deyarli barcha xonadon mazkur tarmoq orqali doimiy daromad manbaiga ega bo‘ladi. Yangi turistik ob’yektlar, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari va joylashtirish vositalari tashkil etiladi. Bundan asosiy maqsad, sayyohlarning viloyatda qolish kunlarini uzaytirish bilan bir qatorda, aholi turmush tarzini yaxshilash, aholining qo‘shimcha daromadini oshirish hamda kambag‘allikni qisqartirishdan iborat.
O‘tgan yildan boshlab joriy etilgan “Gastronomik turizm”, “Tibbiyot turizmi”, “Hunarmandchilik turizmi” haftaliklarini bu yil ham davom ettiramiz. Ayni paytda bu borada targ‘ibot ishlarini olib boryapmiz. Bu orqali biz Samarqandning o‘ziga xos yangi turistik yo‘nalishlarini ochamiz.
Departament tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarda qayd etilishicha, 2020-2021 yillarda viloyatda aholini ish bilan ta’minlash hamda yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadida turizm sohasida 54 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish va 1300 dan ortiq ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. Birgina joriy yilda 34 ta loyiha ishga tushiriladi va 732 nafar fuqaro mazkur tarmoqda ish boshlaydi.
– Hozirda Samarqand shahridagi Orzu Mahmudov, Islom Karimov, Alisher Navoiy va Pushkin ko‘chalari hamda Universitet xiyobonini turistik maskanga aylantirish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqildi, – deya so‘zida davom etadi D.Narziqulov. – Orzu Mahmudov ko‘chasida gastronomik turizm hududini tashkil etish ishlari yakunlanmoqda va bu yilgi mavsumda sayyohlar kelib bu yerdagi xizmatlardan foydalanishlari mumkin. Ushbu ko‘cha yaqinida joylashgan “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetiga tutash hududda esa “Turizm ta’lim bog‘i” tashkil etiladi. M-37 va M-39 avtomagistralining viloyatimiz hududidan o‘tgan qismida esa 8 ta joylashtirish vositalari (mehmonxona, kemping va boshqalar) va ovqatlanish shoxobchalarini ishga tushirish bo‘yicha jadal ish olib borilmoqda. Umumiy qiymati 74,7 milliard so‘m bo‘lgan bu loyihalarning amalga oshirilishi bilan 100 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.
Viloyatning tog‘li hududlarda joylashgan sanatoriy va dam olish maskanlaridan sayyohlik maqsadlarida samarali foydalanish yuzasidan ham loyihalar mavjud. Ayni paytda viloyatda 1800 o‘rinli 25 sanatoriy, 2780 qabul quvvatiga ega 22 bolalar oromgohlari bo‘lsa-da ularning barchasidan ham samarali foydalanilyapti, deb bo‘lmaydi. Bunday ob’yektlarni bosqichma-bosqich mahalliy va xorijiy investorlarga investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni bajarish sharti bilan “nol” xarid qiymatida sotish rejalashtirilgan. Jumladan, Urgut tumanining so‘lim Omonqo‘ton qishlog‘ida joylashgan “Do‘stlik” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi ana shunday shart bilan “ZAMIN-TRAVEL” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga berildi. Mazkur jamiyat 2022 yil yakuniga qadar bu yerda 2 million AQSh dollaridan kam bo‘lmagan miqdorda investitsiya kiritib, bu yerda sport-sog‘lomlashtirish majmualariga ega 100 o‘rinli bolalar sport-sog‘lomlashtirish oromgohi, 75 o‘rinli 20 ta kemping (dam olish maskanlari), uch yulduzli xizmatlar sifatiga ega 100 o‘ringa mo‘ljallangan mehmonxona majmuasi tashkil etishi belgilangan.
Xuddi shunday Samarqand tumanidagi “Yangi joy” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “Anisabonu” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan “Oqbo‘yra garden” dam olish maskani tashkil etilmoqda. Umumiy qiymati 10 milliard so‘m bo‘lgan mazkur loyiha doirasida 20 ta yozgi va 20 ta qishki dam olish uylari, basseyn, umumiy ovqatlanish markazi foydalanishga topshiriladi. Toqqa sayr qilish yo‘lga qo‘yiladi.
Xullas, bugun Samarqand turizmida ham pandemiya tufayli yo‘qotilgan vaqt va mablag‘, imkoniyatlarni tiklash uchun barcha choralar ko‘rilmoqda. Ishlamay turgan korxonalar faoliyati qayta yo‘lga qo‘yilayotir. Eng muhimi, bu vaqt turistik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi sub’yektlar, sohaga mas’ullar uchun ish faoliyatni tahlil etish, kelgusi reja va maqsadlarni aniq belgilab, amaliy harakatlarni kuchaytirish uchun yetarli fursat bo‘ldi.
G‘olib HASANOV.