Samarqand veterinariya meditsinasi instituti Markaziy Osiyoda yetakchi oliy ta’lim muassasasi bo‘lmoqchi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 maydagi qaroriga ko‘ra, Samarqand qishloq xo‘jalik instituti negizida Samarqand veterinariya meditsinasi instituti tashkil etildi. Yangi institutga Moskva viloyati davlat universiteti ximiya-biologiya fakulteti dekani vazifasida ishlab kelayotgan Yunusov Xudoynazar Beknazarovich tayinlandi.
Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida tug‘ilib o‘sgan Xudoynazar Yunusov oliy ta’limni Rossiyada olib, o‘sha yerda mehnat faoliyatini boshlagan. 1985 yilda Moskva viloyati davlat universitetini biologiya va kimyo fanlari o‘qituvchisi mutaxassisligi bo‘yicha, 1991 yilda K.Sialkovskiy nomidagi Moskva aviatsiya texnologiyalari institutini kompozit materiallar bo‘yicha muhandis-texnolog mutaxassisligi bo‘yicha bitirgan.
Moskva politexniki instituti, Moskva viloyati davlat universiteti va boshqa muassasalarda ilmiy-pedagogik faoliyat olib borgan. Biologiya fanlari doktori, professor. Rossiya tabiiy fanlar akademiyasi akademigi.
Xudoynazar Yunusov bilan yangi institutdagi yangi vazifasi, o‘tgan bir yil davomidagi faoliyati, dastlabki xulosa va rejalari haqida suhbatlashdik.
– Prezident Shavkat Mirziyoyev xorijiy mamlakatlardagi vatandoshlarimizni yurtimizga kelib ishlashga da’vat etganda mening ham ko‘nglimda shunday istak paydo bo‘lgan edi, lekin endi nima ham qila olishim mumkin, degan xayolga borgandim, – deb gap boshladi Samarqand veterinariya meditsinasi instituti rektori X.Yunusov. – 2017 yil kuzida esa Prezidentimiz vakillari meni O‘zbekistonga ishga taklif etishdi. Bu taklifni o‘ylab yurganimda 2018 yil boshida veterinariya davlat qo‘mitasi raisi va boshqa mas’ullar bilan Moskvada ko‘rishdik. Ular taklif jiddiy ekanligi, O‘zbekistonda veterinariya meditsinasi bo‘yicha institut tashkil etilayotgani haqida aytishdi. Shundan so‘ng, may oyida O‘zbekistonga qaytib keldim va yangi institut rahbari sifati ish boshladim.
Avvalo, yurtimizda veterinariya meditsinasi bo‘yicha alohida oliy o‘quv yurti tashkil etilishining o‘zi katta gap. Chunki, ayni paytda sohada malakali mutaxassislarga ehtiyoj juda yuqori. Qolaversa, bugun dunyo miqyosida veterinariyada shunchalik katta o‘zgarish va yangiliklar, hatto muammolar paydo bo‘layaptiki ularni puxta o‘rganmay, tahlil etmay turib tizimda rivojlanishga erishish qiyin. Shu jihatdan mazkur institut faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi davr taqozosi, deyish mumkin.
Yangi institutning Samarqand qishloq xo‘jalik instituti negizida tashkil etilishi esa bu yerda mavjud boy ilmiy salohiyatdan foydalanib, uning tezda oyoqqa turib olishiga xizmat qilishi shubhasiz. O‘z vaqtida bu institut sobiq ittifoqdagi qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha kadrlar tayyorlaydigan beshta nufuzli oliy o‘quv yurtidan biri bo‘lgan. Bu yerga xalqaro miqyosda tan olingan akademiya va universitetlardan professor-o‘qituvchilar kelib dars bergan, ularning ayrimlari institutda faoliyatini davom ettirgan. Bugun o‘sha o‘quv va ilmiy dargohlar bilan aloqalarni tiklash va mustahkamlashga e’tibor qaratyapmiz.
– Xudoynazar Beknazarovich, Prezident qarori va boshqa hujjatlarda yangi institutni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad va uning oldiga qo‘yilgan vazifalar aniq belgilab berilgan. Bu albatta, birlamchi vazifalar. Siz o‘zingiz, rahbar sifatida ishni nimadan boshladingiz, oldingizga qanday maqsadlar qo‘ygansiz?
– To‘g‘ri ta’kidladingiz, davlatimiz rahbari qarori asosida o‘zimizning yaqin va uzoq muddatga mo‘ljallangan dasturlarimizni ishlab chiqqanmiz, ularni amalga oshirishning yo‘l xaritalari tuzilgan.
Shaxsan o‘zim rahbar sifatida, avvalo, institutda o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasidagi ko‘rinmas devorni olib tashlash, erkin, yaqin munosabatni yo‘lga qo‘yishga e’tibor qaratdim. Professor-o‘qituvchilar talabalarga yaqinlashishi va o‘z navbatida talabalar ustozlariga fikrini erkin bayon eta olishi, ularga ko‘nglini ochishi lozim. Agar ikki tomon o‘rtasida bunday munosabat qaror topmasa, maqsadga erishish qiyin. Ilm o‘rganish, tanlangan mutaxassislikni puxta egallashdan talaba ham, o‘qituvchi ham manfaatdor bo‘lishi kerak.
– Bir yil ichida bu borada o‘zgarish sezyapsizmi? O‘qituvchilar va talabalarning bunga munosabati qanday?
– Odamlar ko‘nikib qolgan, o‘rgangan qarashlarni o‘zgartirish oson emas, lekin natija bor. Muhimi, bunday munosabatga xayrirohlar ko‘p. Ayniqsa, talabalar orasida. O‘zim ham, hozircha darsim kam bo‘lgani uchun, mashg‘ulotlardan tashqari vaqtlarda talabalar bilan ochiq muloqot qilib, ularning fikrlari bilan qiziqaman. Nimadan rozi, qaysi jihatlar ma’qul kelmayotganini so‘rayman. Ular bilan rektor sifatida emas, yaqin do‘st, ustoz sifatida suhbatlashishga intilaman. Tabiiyki, bunday munosabat yoshlarga ma’qul bo‘lgani tufayli ko‘ngillarida borini aytishadi. Dastlabki vaqtlarda shunday uchrashuvlarda talabalar o‘qituvchilar o‘z fani bo‘yicha qanday savollarga javob topishimiz kerakligi haqida kurs avvalida bizga aytishsin, oldimizga vazifa qo‘yishsin, deb taklif kiritdi. Hozirda har bir fan bo‘yicha mashg‘ulotlar boshlanishidan oldin barcha mavzular, qaysi masalalarga yechim topish zarurligi talabalarga ma’lum qilinadi, bu haqdagi ma’lumot va savollar institut saytida joylashtiriladi. Talabalar darslar bilan birga mustaqil o‘qib-o‘rganib, mavzuni o‘zlashtirib boryapti.
Darvoqe, bu yil birinchi semestr yakunlangach, fanlardan saboq bergan professor-o‘qituvchilarning ham bilimlarini sinab ko‘rdik. Bu ayrim o‘qituvchilarga yoqmadi, albatta. Lekin yoshlarga bilim berayotgan ustozlar ham o‘z ustida ishlashi, faniga oid yangilik va o‘zgarishlardan xabardor bo‘lib borishi, muhimi, zamon talablari darajasida ishlashga o‘rganishi kerak. Sinovlar natijalari bo‘yicha o‘qituvchilarga ham zarur tavsiyalar berildi.
– Xudoynazar Beknazarovich, uzoq yillar Rossiyadagi oliy o‘quv yurtlarida faoliyat ko‘rsatgan pedagog sifatida yurtimiz talabalari bilan rus yoki boshqa Yevropa davlatlari yoshlari o‘rtasida ilm o‘rganishdagi farq yoki yaqinlikni nimalarda ko‘rasiz?
– Asosiy farq ilm egallashga qiziqishda. Ayni paytda Yevropa mamlakatlari yoshlarida o‘qishga intilish biroz susaygan. Bizda esa yigit-qizlarimizning ilm o‘rganishga qiziqishi kuchli. Agar ularni to‘g‘ri yo‘naltira olsak, talablariga yarasha bilim bersak, yuqori intellektual salohiyatli mutaxassislarimiz, ilmli yoshlar ko‘payadi. Bu faqatgina mening fikrim emas, mutaxassislar, xalqaro ekspertlarning ham xulosalari shunday.
Yana bir jihat, bugungi kunda Rossiya yoki boshqa Yevropa davlatlari yoshlari zamonaviy axborot texnologiyalarini puxta o‘rganishga intilmoqda. Biz ham bu masalalarga alohida e’tibor qaratishimiz lozim. Shuningdek, yoshlarni bir nechta xorijiy tillarni o‘rganishga da’vat etishimiz, bunga ta’limning barcha bo‘g‘inida imkoniyat yaratishimiz kerak.
– Ushbu yo‘nalishda Samarqand veterinariya meditsinasi institutida amaliy ishlarni ham boshlagandirsiz...
– Albatta, xorij tajribasini o‘rgangan holda bu borada dastlabki harakatlarni boshladik. Institutimizdagi har bir fakultetda bittadan guruhda darslar rus va ingliz tillarida o‘qitilmoqda. Talabalar boshida biroz qiynaldi, ammo hozir hammasi izga tushyapti.
Bir yil ichida dunyoning yigirmadan ortiq davlatidagi 40 ga yaqin nufuzli oliy o‘quv yutlari va ilmiy muassasalar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydik. Ular bilan professor-o‘qituvchilar va talabalarni hamkorlikda o‘qitish, malakasini oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdik. Misol uchun, Koreyaning Kangvon milliy universiteti har yili besh nafar talabamizni o‘z hisobidan o‘qitib bermoqchi. Belorus respublikasidagi Vitibsk veterinariya meditsinasi davlat akademiyasi ham talabalarimizning ushbu dargohda o‘qishi uchun sharoit yaratib berishga tayyor ekanligini bildirdi. Bundan tashqari, Moskva viloyati davlat universiteti, AQShdagi Michigan universiteti, Portugaliyadagi Portu universiteti, K.Timirzayev nomidagi Moskva davlat qishloq xo‘jalik akademiyasi bilan ham shunday kelishuvlarimiz bor. Hozirda ushbu oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari institutimiz o‘qituvchilari va talabalari uchun onlayn vebinarlar o‘tkazmoqda. Rossiyadan yuqori malakali professorlar kelib, talabalarga dars o‘tyapti.
Yaqinda Yevropa davlatlariga safarim chog‘ida Yevropa veterinariya universitetlari assotsiatsiyasiga a’zo bo‘lish bo‘yicha taklif berdik. Ayni paytda assotsiatsiya bu taklifni o‘rganib chiqmoqda va ular joriy yilda institutimizga kelib, faoliyatimiz bilan tanishadi. Agar ushbu assotsiatsiyaga a’zo bo‘lsak, talabalarimiz o‘qishni Yevropa davlatlaridagi oliy o‘quv yurtlarida davom ettirish va yakunlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu bizning institut diplomi o‘sha davlatlarda ham amal qiladi, degani.
Albatta, bu imkoniyatlardan foydalanish uchun talabalarimiz avvalo, xorijiy tillarni yaxshi bilishi, tanlagan yo‘nalishi bo‘yicha bilimlarini yanada mustahkamlashi zarur.
Biz o‘z oldimizga veterinariya meditsinasi bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchi o‘quv dargohi bo‘lishni, soha uchun xalqaro talablarga javob beradigan mutaxassis-kadrlar tayyorlashni maqsad qilib qo‘yganmiz. Boshlagan va kelgusida amalga oshirmoqchi bo‘lgan ishlarimiz ana shu maqsadga qaratilgan.
– Bu maqsadga erishish yo‘lida Sizga va institut jamoasiga muvaffaqiyat tilaymiz!
G‘olib HASANOV suhbatlashdi.