Samarqand veterinariya meditsinasi institutida “Mustaqillik darslari” bo‘lib o‘tdi
Samarqand veterinariya meditsinasi institutida 2 sentyabr kuni “Sen – qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim!” shiori ostida onlayn tarzda “Mustaqillik darslari” bo‘lib o‘tdi. Har yilgidan o‘zgacha tarzda tashkil etilgan mazkur anjumanda qadrdon o‘quv maskani va fidoyi ustozlarini sog‘ingan talabalar va ularning ota-onalari, institut rahbariyati, professor o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Institut rektori, professor X.Yunusov yangi o‘quv yilining boshlanishi va eng ulug‘, eng aziz bayramimiz – Mustaqilligimizning 29 yilligi bilan tabrikladi.
Mamlakatimizda pandemiya munosabati bilan karantin cheklovlari joriy etilgach, ijtimoiy hayotimizning barcha jabhalarida yangicha shart-sharoitlar, qonun-qoidalar joriy etildi. Oliy ta’lim muassasalari faoliyatning yanada zamonaviy va ilg‘or usulini tanladi, ya’ni ta’limni masofaviy tarzda tashkil etdi.
Dastlab ko‘pchilik uchun murakkabdek tuyulgan bo‘lsada, ayni kunga kelib, u yanada takomillashtirilib, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun qulayroq ko‘rinish kasb etdi. Institut rektorining ta’kidlashicha, yozgi ta’til davomida mutasaddilar platformani butunlay yangilab, yangi o‘quv yiliga tayyor holga keltirdi.
Bugundan yangi o‘quv yili boshlandi. Demak, belgilangan dars jadvali asosida va oldindan e’lon qilingan havola orqali talabalar platformada mashg‘ulotlarni davom ettiradi. Platformada darslar o‘tgan o‘quv yilidan butunlay boshqacha, qiziqarli va samarali tashkil etilgan.
Samarqand veterinariya meditsinasi
instituti axborot xizmati.