Samarqand viloyat IIB boshlig‘i Shavkat RAHMONOV: Bolani nazorat qilish huquqbuzarlik, jinoyatning oldini olish degani

- Jinoyatchilik asosan beparvolik, loqaydlik oqibatida kelib chiqadi. Bolalar tarbiyasiga beparvolik, yon-atrofimizdagi voqealarga loqaydlik ko‘plab jinoyatlarga sabab bo‘ladi. Shu ma’noda bolani nazorat qilish tarbiyaning muhim mezoni, kichik bo‘lsa-da huquqbuzarlik, jinoyatning olish degani. Shuning uchun ilgari huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari ertalabdan «razvod»ga borgan bo‘lsa, endilikda maktab, kollej va oliy ta’lim muassasalariga borib, o‘quvchi hamda talabalarning davomatini tekshirishdan ishni boshlayapti. Agarda o‘quvchi yoki talaba biron sababga ko‘ra darsga kelmagan bo‘lsa, bunga tezda aniqlik kiritilmoqda. Ota-onalari chaqirtirilib, suhbat o‘tkazilmoqda.

Shuni ham aytish kerakki, ayrim o‘quvchilar uyida o‘tirib, internet orqali turli bo‘lmag‘ur o‘yinlar o‘ynaydi. Ota-ona xotirjam. Farzandi uyda, o‘z xonasida dars qilyapti, deb o‘ylaydi. Unga xalaqit bermaslik, bezovta qilmaslik uchun bolaning xonasiga kirmaydi. Oqibatda u biror huquqbuzarlikni sodir etishga moyil bo‘ladi. Demak, bu borada ota-onalar bilan yaqin hamkorlikda ishlashimiz talab qilinadi.