Samarqand viloyat prokurorlari sektorlari tomonidan  2019 yilda aholining 12 mingdan ortiq muammosi bartaraf etilgan

Bugungi kunda Samarqand viloyati prokurorlari sektorlaridagi hududlarni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining yashash sharoitlarini tubdan yaxshilash va ularning haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan dolzarb muammolarni bartaraf etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Viloyat prokurorlari sektorlari 290 ta fuqarolar yig‘ini hududidagi 158 603 ta xonadonda istiqomat qiluvchi 1 004 703 nafar fuqaroning turmush tarzini, oilaviy sharoitini, ularning ijtimoiy muhofazasi, uy-joy va kommunal sharoitlarini yaxshilash borasida samarali faoliyat olib bormoqda.

Buning uchun prokurorlar sektorlari hududida 64 ta kichik guruh tashkil etilib, ularga 362 nafar xodim (mutaxassis) jalb etilgan.

2019 yilda ushbu kichik guruhlar tomonidan aholi xonadonlariga uyma-uy yurish davomida aniqlangan 12 213 ta muammo bartaraf etilgan.

Xususan, Urgut tumani Xo‘jayduq mahallasida yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj 60 ta ehtiyojmand xonadonlarga jami 165 kilogramm go‘sht, 5 kilogramdan o‘simlik yog‘i, 2,5 kilogramdan guruch, 2,5 kilogramdan shakar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek, har biriga 100 ming so‘mdan pul mablag‘lari va 5 litrdan suyultirilgan maishiy gaz ballonlari tarqatilgan.

Tumanning Kenagas hamda Mergancha MFYlarini birlashtirib turuvchi 17 kilometr avtomobil yo‘li ta’mirlanib, asfalt qoplamasi yotqizildi.

Payariq tumani G‘allakor MFYda 392 nafar, Ko‘lto‘sin MFY Dovtepa qishlog‘ida 437 nafar hamda Nakurt MFYda 457 nafar aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan.

Paxtachi tumani Istiqlol MFY hududidagi istirohat bog‘ida 50 nafarga yaqin kitobxon foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan zamonaviy kutubxona majmuasi hamda kutubxonaning yonida 24 o‘rinli “Intellekt” nomli til o‘rganish o‘quv markazi tashkil etilgan.

Shu bilan bir qatorda, viloyatdagi ijtimoiy va boshqa ob’yektlarda aniqlangan 6 173 ta muammo bartaraf etilgan.

Masalan, Paxtachi tumani Zarafshon MFY hududidan o‘tuvchi Narpay kanalining ustida piyodalar o‘tishi uchun mo‘ljallangan, uzunligi 8 metr bo‘lgan ko‘prik hashar yo‘li bilan qayta ta’mirlangan.

Payariq tumani Nakurt MFYda mahalliy mablag‘lar hisobidan 438 million so‘m ajratilib, yangi va barcha shart-sharoitlarga ega tez tibbiy yordam shoxobchasi qurib foydalanishga topshirilgan.

Viloyatning tuman va shahar prokurorlari sektorlari rahbarlari tomonidan tadbirkorlar bilan muntazam ravishda uchrashuvlar o‘tkazilib, ularga huquqiy maslahatlar, amaliy yordamlar ko‘rsatib kelinmoqda.

Bu borada 360 ta yangi tadbirkorlik sub’yektlari tashkil etilib, 700 ga yaqin qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga erishildi. Shuningdek, 32 nafariga 218 gektar yer maydoni, 250 nafariga kreditlar ajratilishi, 140 nafariga boshqa amaliy yordamlar ko‘rsatilishi ta’minlandi. 100 dan ortiq ishlamayotgan tadbirkorlarning faoliyati tiklangan.

2-sektor hududidagi eksportyor korxonalar tomonidan 2019 yilda 16 million AQSh dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshirilib, prognoz ko‘rsatkich 117 % ga bajarilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 martdagi “Jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash hamda huquqbuzarlik, yengil jinoyat sodir etganligi uchun ichki ishlar idoralari profilaktik hisobida turgan 536 nafar voyaga yetmaganlar bilan tushuntirish, tarbiyaviy ishlarni olib borish, xulq-atvorida ijobiy o‘zgarish kuzatilgan voyaga yetmaganlarni profilaktik hisobdan chiqarish maqsadida muntazam ravishda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilib kelinmoqda.

Qolaversa, viloyatdagi prokurorlar sektorlarida har bir hududda aniqlangan muammolarni hal etish, tadbirkorlikni rivojlantirish va huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha ishlarni tashkil etishga qaratilgan “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqilib, ularning ijrosi yuzasidan sektorlar rahbarlarining tegishli xalq deputatlari Kengashlari sessiyalarida hisobotlarini eshitish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.

Bunday ijobiy ishlarni viloyatning boshqa hududlarida ham kuzatish mumkin.