Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimovning Navro‘z bayrami tabrigi

Qadrli yurtdoshlar!

Aziz samarqandliklar!

Butun viloyatimiz ahli hamda mehmonlarini yurtimizda keng nishonlanayotgan eng go‘zal va ardoqli bayram - Nav­ro‘zi olam bilan chin qalbimdan, samimiy tabriklayman!

Bahor o‘zining uyg‘onish, yasharish va yangilanish fasli ekanligi bilan ham inson va tabiatni bir-biriga bog‘lab, ularning mushtarakligini namoyon qilib keladi.

O‘zbekiston, xususan, Samarqand dunyoviy evrilishlarning markazi sifatida asr­lar osha Navro‘z an’analarini asrab-avaylab, ajdodlardan avlodlarga yetkazib kelmoqda. Shu sababli bu uyg‘unlik xal­qimiz turmush tarzining muhim bo‘lagi sifatida qaror topdi.

Navro‘z - nafaqat Sharqona yangi yil va yangi dehqonchilik mavsumining boshlanishi, balki ulug‘ va ezgu ishlarning boshlanish pallasidir. Tarixga razm solsak, buyuk ishlar aynan Navro‘zdan boshlangan, bunyodkorlik ishlariga shu kuni oq fotiha berilgan.

Gina-kuduratlar unutilib, urushlar to‘xtatilgan, odamlar bir davrada o‘tirib, tabiat ne’matlaridan tayyorlangan taomlarni baham ko‘rganlar. Hovlilar, ko‘chalar, qabristonlar, muqaddas ziyoratgohlar tartibga keltirilgan, ezgu niyatlar bilan daraxtlar ekilgan.

Bugun ham viloyatimiz ahli yangi deh­qonchilik mavsumini boshlab, yerga baraka urug‘i qadamoqda. Dalalarimizda g‘alla va boshqa qishloq xo‘jalik ekinlari parvarishi jadal sur’atlarda davom etmoqda.

Nasib etsa, bu yil o‘tgan yilgidan ham yuksak don xirmonlar yaratamiz, xalqimiz dasturxoni to‘kin-sochinligini ta’minlash uchun barchamiz hamjihatlikda harakat qilamiz.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 11 yanvar kuni viloyatimizga amalga oshirgan tashrifi davomida belgilab bergan vazifa va topshiriqlari asosida ayni paytda barcha shahar va tumanlarimizda keng ko‘lamli qurilish-­bunyodkorlik ishlari, sanoat, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda yangi, istiqbolli loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.

"Obod qishloq" va "Obod mahalla" das­turlari asosida 48 qishloq va mahallada bunyodkorlik ishlariga jadal kirishildi.

Shuningdek, tumanlar markazlarini obod qilish, zamonaviy bino va inshootlar qurish, kommunikatsiya tizimlari yaratish bo‘yicha ishlar boshlandi.

Mustaqillik tufayli milliy qadriyat sifatida qayta tiklangan, xalqimiz hayotidan mustahkam o‘rin olgan Navro‘z har yili e’zozli bayram tarzida keng nishonlanmoqda. Keyingi 2-3 yil ichida uning mohiyatini yanada teran anglayapmiz. Negaki, O‘zbekiston taraqqiyotining jo‘shqin davri yilning to‘rt faslida ham Navro‘zdagi uyg‘onish, yangilanish jarayoni bo‘lib davom etayotir.

Biz bahorning bu tabarruk ayyomi tarovati va shukuhidan har bir qishloq va ko‘chani, har bir go‘sha va xonadonni bahramand etishni o‘rgandik. Bayram arafasida viloyatimiz mahalla va qishloqlarida 100 dan ortiq yangi inshootlarning foydalanishga topshirilgani fikrimiz isbotidir.

Navro‘zning asosiy tamoyillaridan biri bo‘lgan hamjihatlik, hamkorlik, bag‘rikenglik bugun davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Shu bois keyingi yillarda bayramni yaqin qo‘shni davlatlar xalqlari, yurtimizdagi turli millat va elatlar vakillari bilan birgalikda nishonlash an’anaga aylanib bormoqda.

Navro‘zni nishonlash uchun bu yil ham viloyatimizga yurtimizning turli hududlaridan, Markaziy Osiyo davlatlari va bosh­qa xorijiy mamlakatlardan ko‘plab mehmonlar keldi. Ularga "Samarqandga, yurtimizga xush kelibsiz! Navro‘z bayrami muborak bo‘lsin!", deymiz.

Navro‘zning asosiy g‘oyasi, bu - insonni qadrlash, keksalarga hurmat, ehtiyojmandlarga muruvvat va e’tibor ko‘rsatishdir. Bugun bu jihatlar viloyatimizning barcha go‘shalarida davom etayotgan bayram tadbirlarida o‘z ifodasini topmoqda.

Jumladan, shu kunlarda viloyatimizdagi Saxovat va Muruvvat uylari, Mehribonlik uylarida xayriya tadbirlari o‘tkazilmoqda, imkoniyati cheklangan kishilar va bemorlar holidan xabar olinib, ularga moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatilayotir.

Aziz do‘stlar!

Sizlarni yana bir bor Navro‘z bayrami bilan tabriklab, qalbimdagi eng ezgu tilaklarni yo‘llayman!

Sharqona yangi yil, yangi dehqonchilik mavsumi barchamiz uchun fayzli, qut-barakali kelsin.

Yurtimiz osmoni hamisha musaffo, mard va oliyjanob xalqimiz omon  bo‘lsin!