“Samarqand viloyati hokimi! Men ismingizni bilmayman, lekin Sizdan minnatdorman”

5 fevral kuni Samarqand viloyati hokimi E.Turdimovning telegram raqamiga ijtimoiy faol fuqarolar tomonidan Samarqand shahrida turar joyi bo‘lmagan, ko‘p qavatli uylar yo‘lagi va yerto‘lasida yashab yurgan Gennadiy Xabirovning videomurojaati yo‘llandi.

G.Xabirovning ma’lum qilishicha, u Samarqand shahrida tug‘ilib o‘sgan. Oilasi, farzandu nabiralari bo‘lgan. Ammo oila iqtisodiy qiynalib qolgach, pul topish maqsadida bir necha yil oldin Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga ketgan. Oradan bir yil o‘tgach, bu oilaga G.Xabirov Rossiyada vafot etdi, degan xabar kelgan.

Bu yolg‘on ma’lumotni Gennadiy Xabirovning yuragi xasta xotini ko‘tarolmagan va tez orada vafot etgan. Shundan so‘ng, farzandlar endi ota-onamiz yo‘q, deb Samarqanddagi uy-joyini sotib, Rossiyaga ko‘chib ketgan.

– Men esa Sankt-Peterburgda o‘zim o‘ylaganimdek ishlab pul topolmadim, – deydi G.Xabirov o‘z murojaatida. – Buning ustiga vaqtincha yashab turgan turar joyimga o‘t tushib, hamma hujjatlarim yonib ketdi. So‘ngra elchixona ko‘magida vaqtinchalik hujjat olib Samarqandga qaytib keldim. Bu paytda bolalarim uy-joyni sotib, Rossiyaga ketib qolishgan ekan. Ular hozir ham meni tirikligimni bilmasligi mumkin.

Ushbu murojaat mutasaddilarga yuborilib, zudlik bilan G.Xabirov topildi va Samarqand shahridagi “Saxovat uyi”ga joylashtirildi. Shundan so‘ng u yana viloyat hokimiga videomurojaat yo‘llab, unga minnatdorlik bildirdi.

– Hurmatli Samarqad viloyati hokimi! Sizga murojaatimdan so‘ng, meni qariyalar uyiga keltirib joylashtirishdi. Hozir hammasi joyida. Men ismingizni ham bilmayman, lekin Sizdan minnatdorman.

Mas’ullarning bildirishicha, hozirda G.Xabirovning farzandlarini topish va ular bilan bog‘lanish choralari ko‘rilmoqda.