Samarqand viloyati hokimi tadbirkorlarning dardini tingladi
Ularni qiynayotgan masalalar yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi
Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov samarqandlik tadbirkorlar bilan uchrashib, viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish istiqbollari, bu boradagi muammo va takliflar yuzasidan fikr almashdi.
– Bugun yurtimizda ishbilarmonlarga qaratilgan e’tibor, yaratilgan sharoit va imkoniyatlar balandparvoz gap emas, – dedi E.Turdimov uchrashuv avvalida. – Prezidentimiz har bir chiqishida ta’kidlayotganidek, mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik muhiti, tadbirkorlarning erkin va samarali ishlashi uchun sharoit yaratmay davlatimiz taraqqiyotini tasavvur qilish qiyin. Shuning uchun soha bo‘yicha ko‘plab farmon va qarorlar qabul qilinmoqda. Ularning amalga oshishi uchun barchamiz birgalikda harakat qilishimiz kerak. Hokimlar, mutasaddi rahbarlar tadbirkorni qo‘llab-quvvatlashi, tadbirkor esa o‘z faoliyati bilan hudud iqtisodiyotini rivojlantirishi, aholi bandligini ta’minlashga hissa qo‘shishi lozim.
Viloyat hokimining qayd etishicha, bugungi kunda Samarqandda 67 ming 700 dan ortiq tadbirkorlik sub’yekti faoliyat ko‘rsatmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida 14 mingdan ko‘proq tadbirkor yangidan faoliyat boshladi. Jumladan, ularning 8249 nafarini yakka tartibdagi tadbirkorlar tashkil etadi.
Afsuski, ularning barchasi ham bugun o‘z faoliyatini izchil yo‘lga qo‘yib, ishlayapti, deb aytolmaymiz. Yer ajratish, kredit olish yoki faoliyati bilan bog‘liq boshqa masalalarda sun’iy to‘siqlarga duch kelayotganlar ham anchagina. Bu esa tadbirkorlar ishiga g‘ov bo‘lyapti va oxir-oqibat bundan o‘sha hudud iqtisodiyoti, aholisi zarar ko‘ryapti.
– Qariyb bir yildan buyon haftaning juma kuni tadbirkorlar bilan uchrashib ularning murojaatlarini eshitayotganimizdan xabardorsiz, – dedi E.Turdimov. – Har hafta boshida 30-35 ta murojaat qayd etilyapti va ularning aksariyati qabulgacha hal etilmoqda. Muammoli masalalar juma kuni mutasaddilar ishtirokida muhokama etilmoqda. Ana shu uchrashuvlarda bildirilgan fikrlar va joylarda tadbirkorlar bilan muloqotlarimizdan kelib chiqib, bugun sizlar bilan uchrashib, dardlaringizni tinglashga, muammolaringizga mutasaddilar ishtirokida shu yerda yechim topishga qaror qildik. Har bir murojaat qayd etilib, nazoratga olinadi.
Viloyatdagi huquq-tartibot idoralari va sektorlar rahbarlari, viloyat hokimi va tuman, shahar hokimlarining o‘rinbosarlari, mutasaddi idora va boshqarmalar boshliqlari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda dastlab viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Sh.Axmedov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 iyunda qabul qilingan “Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida belgilangan yangi tartib-qoidalar haqida ma’lumot berdi.
Shundan so‘ng uchrashuvga kelgan tadbirkorlar viloyat hokimiga murojaat qilib, o‘zlarini qiynab kelayotgan masalalarga yechim so‘radi.
Pastdarg‘omlik tadbirkorning asalarichilik uchun bankdan kredit olishda muammolarga duch kelayotgani haqidagi murojaatiga javoban, “Milliy bank” viloyat filiali mas’uli fuqaroga uch kun ichida kredit ajratilishini ma’lum qildi.
Samarqandlik M.Mahmudovning shahardagi Sartepa maskanidan tadbirkorlik faoliyati uchun yer so‘rab qilgan murojaati bo‘yicha davlat aktivlarni boshqarish boshqarmasiga ushbu fuqaroga auksion orqali yer olishda ko‘maklashish vazifasi topshirildi.
Kattaqo‘rg‘on shahridan kelgan tadbirkor A.Obloqulov faoliyatini kengaytirish uchun 200 million so‘m kredit zarurligini bildirdi. Bu masala bilan shug‘ullanish va tadbirkor murojaatini ijobiy hal etish yuzasidan Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘iga topshiriq berildi.
Samarqand shahrida yashovchi fuqarolardan biri Registon maydoni yaqinidan tadbirkorlik uchun joy ololmayotganini aytib, viloyat hokimidan yordam so‘radi.
– Samarqand shahrida bundan buyon turizm ob’yektlaridan boshqa qurilishga ruxsat berilmaydi – dedi E.Turdimov ushbu fuqaro murojaatiga javoban. – Ayniqsa, shaharning tarixiy obidalar, madaniy meros ob’yektlari joylashgan qismi va ularning atrofida qurilishlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Shu paytgacha noqonuniy qurilgan ob’yektlar ham tegishli tartida buziladi. Biz Samarqandni turizm shahri sifatida ko‘proq sayyohlarni qabul qilish va ularga qulaylik yaratish uchun harakat qilamiz. Mehmonxonalar quramiz, lekin uy-joy va boshqa ob’yektlar shahardan chetda quriladi.
Uchrashuvda 500 dan ortiq tadbirkor ishtirok etdi va ular o‘rtaga tashlagan masalalar mas’ullar bilan muhokama etilib, murojaatlar ijrosi bo‘yicha aniq muddatlar belgilandi.