Samarqand viloyati Kengashining 84-sessiyasi 12 aprel kuni o‘tkaziladi
Bu haqda viloyat hokimi E.Turdimov bugun, 5 apreldagi “Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdagi oltinchi chaqiriq, sakson to‘rtinchi sessiyasini chaqirish to‘g‘risida”gi qarorda ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Kengashning sakson to‘rtinchi sessiyasi 2023 yil 12 aprel kuni soat 10:00 da chaqiriladi.
Sessiya kun tartibiga quyidagi masalalar kiritilgan:
- viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari – jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i X.Umarovning 2023 yil I chorak davomida viloyatda jamoat xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlar, jamoat xavfsizligini ta’minlovchi va unda ishtirok etuvchi sub’yektlar bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida hisoboti;
- bolalar masalalari bo‘yicha viloyat komissiyasining faoliyati yuzasidan viloyat hokimligi Bolalarni himoya qilish masalalari kotibiyati mudiri Sh.Quvvatovning hisoboti;
- Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasining 2022 yildagi faoliyati yuzasidan boshqarma boshlig‘i S.Jabborovning hisoboti;
- viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risida;
- jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkasini olib qo‘yish bo‘yicha taqdimot materiallarini ko‘rib chiqish va mulkdorlar bilan ochiq muhokama o‘tkazishga ruxsat berish to‘g‘risida;
- kichik va yoshlar sanoat zonasi hududlarini o‘zgartirish masalasini ko‘rib chiqish to‘g‘risida;
- 2023 yil I chorak yakunlari bo‘yicha viloyat hokimi o‘rinbosarlarining faoliyati samaradorlik ko‘rsatkichlari bajarilishi natijalarini tasdiqlash to‘g‘risida.