Samarqand viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasi 23 dekabrda o‘tkaziladi
Bu haqda viloyat hokimi E.Turdimovning bugun, 16 dekabrda qabul qilgan “Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining oltinchi chaqiriq, yetmish sakkizinchi sessiyasini chaqirish to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.
Unga ko‘ra, xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining yetmish sakkizinchi sessiyasi 2022 yil 23 dekabr kuni soat 10:00 da chaqiriladi.
Sessiya kun tartibiga quyidagi masalalar kiritiladi:
- viloyat hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.Shukurovning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi hamda boshqa davlat dasturlari ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan hisoboti haqida;
- viloyat sportni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Sh.Ro‘ziyevning viloyatda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan hisoboti to‘g‘risida;
- viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i D.Jumaniyozovning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 2022 yil 5 maydagi “Tez tibbiy va shoshilinch yordam xizmati faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi videoselektor yig‘ilish bayoni ijrosi yuzasidan hisoboti haqida;
- xalq deputatlari viloyat Kengashi doimiy komissiyalarining ish rejalarini tasdiqlash to‘g‘risida;
- “Uzbekistan Digital Inclusion” loyihasi konsepsiyasini ko‘rib chiqish to‘g‘risida;
- xalq deputatlari viloyat Kengashining Axborot siyosati va mahalliy davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasining nizomini tasdiqlash to‘g‘risida;
- Samarqand viloyati Bulung‘ur, Nurobod, Past Darg‘om va Paxtachi tumanlarining ayrim mahalla fuqarolar yig‘inlarining bosh reja va batafsil rejalashtirish loyihalarini tasdiqlash haqida;
- boshqa masalalar.