Samarqand viloyatida 2018 yilda jinoyatlar 32 foizga kamaydi

Avval xabar berganimizdek, Samarqand viloyat "Matbuot uyi"da viloyatdagi sud idoralari tomonidan 2018 yilda amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.

 Unda jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi raisi O.Hayitov quyidagi ma’lumotlarni berdi:

- 2018 yilda Samarqand viloyatida umumiy jinoyatlar soni 2017 yilga nisbatan 32,2 foizga kamaydi. Jumladan, qasddan odam o‘ldirish va suiqasd qilish 26,2 foizga, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish 35,6 foizga, nomusga tegish yoki suiqasd qilish 24,9 foizga, talonchilik 67 foizga, bosqinchilik 26,7 foizga, tovlamachilik 55,8 foizga, o‘g‘irlik 36,8 foizga, bezorilik 53 foizga, odam savdosi 83,3 foizga va poraxo‘rlik 54,6 foizga kamaygani bu yurtimizda sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan ishlar, aholining huquqiy madaniyatining yuksalayotganidan dalolat.

O‘tgan  yilda jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat, tuman va shahar sudlari tomonidan 5324 nafar shaxsga nisbatan 4261 ta jinoyat ishlari ko‘rib chiqildi. Shundan 3982 nafar shaxsga nisbatan 3059 ta ishlar bo‘yicha ayblov va oqlov hukmi chiqarilgan bo‘lsa, 1342 nafar shaxslarga nisbatan 1202 ta jinoyat ishlari tugatilgan. 1179 ta jinoyat ishi taraflarning yarashganliklari munosabati bilan Jinoyat kodeksining 661-moddasiga asosan tugatilib, 1323 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan.

Shuningdek, 2142 ta jinoyat ishlari sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqildi. Jinoyat sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish masalalari yuzasidan 2016 ta xususiy ajrimlar chiqarilib, muhokama qilish uchun tegishli korxona, muassasa va tashkilotga yuborilgan.

Jinoyat ishlarini sudda ko‘rishda jamoatchilikni jalb qilgan holda, mahalla, yoshlar ittifoqi, xotin-qizlar kengashi vakillarini jamoat himoyachisi sifatida ishtiroki ta’minlanib, mahalla fuqarolar yig‘inlari kafilligi asosida 40 nafar shaxsga, xotin-qizlar kengashi kafilligi asosida 10 nafar shaxsga va yoshlar ittifoqi kafilligi asosida 52 nafar (jami 102 nafar) shaxslarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.