Samarqand viloyatida COVID-19 infeksiyasiga tekshirish laboratoriyalari nechta?

Samarqand viloyatida kasallanish holatlarining aksariyati kasallangan fuqarolar bilan muloqotdagilar o‘rtasida uchramoqda.

Ayni paytda viloyatda 1843 (94%) nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar sog‘aygan.

Hozirda viloyatimizda 120 nafar koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorga shifokorlarimiz tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.

Qayd etilgan har bir kasallanish holati yuzasidan to‘liq epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilib, kasallik aholi o‘rtasida tarqalishining oldini olish maqsadida muloqotda bo‘lganlar o‘z vaqtida tibbiy kuzatuvga to‘liq olinmoqda va nazorati o‘rnatilgan.

Koronavirus infeksiyasiga jami 211234 dan ortiq fuqarolar viloyat SEO markazi virusologiya laboratoriyasida va uning filial laboratoriyalarida tekshiruvdan o‘tkazilgan.

Aholiga qulaylik yaratish maqsadida viloyat OITSga qarshi kurash markazida (veterinariya va tibbiyot instituti laboratoriyasida joylashgan), Kattaqo‘rg‘on shahar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi laboratoriyasida va Samarqand shahrida tashkil etilgan maxsus taqsimlash markazida COVID-19 koronavirus infeksiyasiga tekshirish uchun maxsus laboratoriyalar tashkil etilgan bo‘lib, faoliyat olib bormoqda. Bundan tashqari “Neovita”, “Parizoda medikal servis”, Samarqand tibbiyot-diagnostika xususiy klinikalarida va Samarqand tibbiyot institutining 1-klinikasida maxsus laboratoriyalar tashkil etilgan. Ushbu laboratoriyalar bilan birgalikda 2020 yilning 14 sentyabrigacha viloyat bo‘yicha 211234 nafar fuqarolar COVID-19 koronavirus infeksiyasiga tekshirilgan. Aniqlangan kasallik o‘choqlarida epidemiyaga qarshi tadbirlar olib borilmoqda.

Aniqlangan kasallik o‘choqlarida, tashkilotlarda epidemiologik vaziyatga qarab, muntazam ravishda dezinfeksiya tadbirlari olib borilmoqda.