Samarqand viloyatida Uzmobile mobil aloqa qamrovi yanada kengaymoqda

Aholining mobil aloqadan foydalanish darajasi hamda mobil so‘zlashuvlar va mobil internetga bo‘lgan talabining kun sayin oshib borayotganligi natijasida Uzmobile filiali tomonidan Samarqand viloyati bo‘yicha aloqa qamrovini kengaytirish va aloqa sifatini oshirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Jumladan, 2019 yilning 1 yanvar kuniga qadar qariyb 4 yil davomida viloyatda Uzmobile filialining 143 ta tayanch baza stansiyalari o‘rnatilgan bo‘lsa, 2019 yilning yanvar-aprel oylari davomida viloyatning Bulung‘ur, Jomboy, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on, Oqdaryo, Pastdarg‘om, Paxtachi, Samarqand, Toyloq tumanlari va Samarqand shahrida 43 ta tayanch baza stansiyalari o‘rnatildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi xabar bermoqda.

Deyarli har bir ish kunida bitta baza stansiya montaj qilinmoqda.

Hozirgi kunda tayanch baza stansiyalar sonini oshirish bo‘yicha ishlar davom etib, tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasiga asosan yil oxiriga qadar qo‘shimcha ravishda yana 100 ga yaqin tayanch baza stansiyalarini qurish va ishga tushirish rejalashtirilgan. Ushbu ishlar natijasida viloyat aholisiga taqdim etilayotgan mobil aloqa va mobil internet qamrovi oshadi.