“Samarqand” xalqaro aeroportida qiymati 8 million so‘mdan ziyod bo‘lgan 62 dona atir ushlab qolindi

Moskvadan “Sheremetevo-Samarqand” yo‘nalishidagi aviareys bilan uchib kelgan fuqaro A.A. Samarqand xalqaro aeroportida “Yashil yo‘lak”dan o‘tayotganida bojxona xodimlarining e’tiborini tortdi. Unga tegishli yuk xaltasi xolislar ishtirokida tekshirilganda fuqaroning sumkasida umumiy qiymati 8 million so‘mdan ziyod bo‘lgan 62 dona atir mahsulotlari borligi aniqlandi. Holat yuzasidan bojxonachilar tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirildi.

Ushbu holat bo‘yicha o‘tkazilgan sud majlisida fuqaro A.A. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga asosan huquqbuzarlik sodir qilgan, deb topildi va eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Noqonuniy keltirilgan atir mahsulotlari esa tegishli tartibda davlat foydasiga musodara qilindi.

Eslatib o‘tamiz, amaldagi tartib-qoidaga ko‘ra, jismoniy shaxslar bojxona chegaralari orqali 3 donadan ko‘p bo‘lmagan atir va ifor taratuvchi suvlarni bojxona to‘lovlarisiz olib kirishi mumkin.

Samarqand viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati.