Samarqand xalqaro aeroportining kutish zalida nega karantin qoidalariga amal qilinmayapti?
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand xalqaro aeroportining kutish zalida yo‘lovchilar o‘rtasida karantin qoidalariga amal qilinmayotganligi va ijtimoiy masofa saqlanmayotganligi aks etgan videolavha tarqaldi.
Ushbu holat yuzasidan “Samarqand xalqaro aeroporti” ma’muriyati munosabat bildirdi:
"Mazkur video yo‘lovchilar aeroportning vaqtinchalik aerovokzalidagi kutish zaliga kiritilgan vaqtda tasvirga olingan bo‘lib, quyidagilarni aytish mumkin:
Birinchidan, ayni kunda Samarqand xalqaro aeroportida keng qamrovli qurilish ishlari olib borilmoqda, shu bois yo‘lovchilarga vaqtinchalik aerovokzalda mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib xizmat ko‘rsatilmoqda. Mazkur aerovokzalning kutish zalida maxsus uskunalar yordamida salqin havo iqlimi yaratilgan bo‘lib, bu yo‘lovchilarga quyoshning jazirama issig‘idan saqlanish imkonini beradi. Biroq zalning torligi sababli unda fuqarolar o‘rtasida ijtimoiy masofani saqlashning imkoni yo‘q.
Ikkinchidan, belgilangan tartibga ko‘ra, ayni kunda barcha xalqaro aviaqatnov yo‘lovchilaridan parvozga qadar PZR testining manfiy ko‘rsatkichli ma’lumotnomasi talab qilinmoqda. Bu ularning o‘rtasida koronavirus tarqalishining oldini olishga ham xizmat qiladi.
Aeroportning kutish zalida karantin qoidalariga amal qilinishi ustidan nazoratni yanada kuchaytirish choralari ko‘rilayotganligini ma’lum qilingan.