Samarqand xavf ostidagi jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilmadi

YuNESKO Samarqandni xavf ostidagi jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritmaydigan bo‘ldi. Bu haqda Bokuda bo‘lib o‘tayotgan Jahon madaniy merosi qo‘mitasining (World Heritage Committee) 4 iyuldagi sessiyasida qatnashgan bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov xabar berdi, deb yozmoqda Minbar.

«Samarqand bo‘yicha hujjatda Jahon madaniy merosi qo‘mitasi o‘z ekspertlariga o‘zbek tomoni taqdim etadigan 2022 yilda ShHT sammitiga tayyorgarlik ko‘rish va "Samarqand turizm zonasi" doirasida infratuzilmalarni rivojlantirish loyihalarini tezroq ko‘rib chiqishni topshirdi», – deydi bosh vazir o‘rinbosari.

Jahon madaniy merosi qo‘mitasining Bokudagi sessiyasi arafasida chop etilgan hujjatda aytilishicha, Samarqandning tarixiy qismida uylar, mehmonxonalar va boshqa binolar qurilmoqda. Bu esa madaniy qiymatga ega tarixiy binolarga zarar yetkazmoqda.

Shuningdek, qo‘mita ekspertlari 2022 yilda ShHT sammitiga tayyorgarlik ko‘rish va "Samarqand turizm zonasi" doirasida yangi mehmonxonalar va ko‘p qavatli uylar qurilishidan xavotirlanmoqda. Ular haligacha bu bo‘yicha loyiha chizmalarini olishmagan.

Xalqaro tashkilot shahar bosh rejasini tuzishda YuNESKO tavsiyalari hisobga olinishiga umid qilmoqda.

Samarqand tarixiy me’moriy yodgorliklari borasidagi vaziyat anchadan beri YuNESKO ekspertlarini xavotirga soladi. 2008 yilda YuNESKO Jahon madaniy merosi qo‘mitasi Samarqandni saqlab qolish bo‘yicha monitoringni kuchaytirishni so‘rab YuNESKO kengashiga murojaat qilgandi.

Hokimiyat tashabbusi bilan yangi yo‘llar va binolarning qurilishi ortida "Samarqand shahri an’anaviy tuzilishini saqlab qoluvchi muqobil tizimning yo‘qligi" ularning xavotiriga sabab bo‘lgan.

Hukumat Shahrisabz, Samarqand, Buxoro kabi tarixiy shaharlardagi barcha qurilish ishlarini to‘xtatishga qaror qildi. Madaniy meros ob’yektlari joylashgan yerlarda noqonuniy qurilish uchun jazoni kuchaytirishni ko‘zda tutgan hujjat loyihasi parlamentga kiritilgan. Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov bu boradagi qaror haqida Jahon madaniy merosi qo‘mitasining Bokuda o‘tgan 43-sessiyasida aytgan.

2 iyulda YuNESKOning Jahon madaniy merosi qo‘mitasi Shahrisabzni jahon merosining xavf ostidagi ob’yektlar ro‘yxatida qoldirdi.