Samarqandda 110 ming nafardan ziyod fuqarolarning bandligini ta’minlash ko‘zda tutilgan

Ma’lumotlarga ko‘ra, pandemiya davrida viloyatimizda kambag‘al oilalarning 78 ming, ishlamayotgan korxonalarning 7,8 ming hamda chet eldan qaytib kelgan 24,8 ming, jami 110,6 ming nafar fuqarolarning bandligini ta’minlash rejalashtirilgan.

Shu kungacha ushbu fuqarolarning 31,3 foizi, ya’ni 34,7 ming nafari ish bilan ta’minlangan.

Aholi bandligini ta’minlashda eng katta ko‘rsatkichlar - jamoat ishlariga jalb etish va yangi kichik korxonalar hamda mikrofirmalarni tashkil etish hisobiga bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda. Chunki mazkur ikki yo‘nalishda 35 mingdan ko‘proq odam ish bilan ta’minlanadi.

Shuningdek, ishlamayotgan korxonalar faoliyatini tiklash yoki boshqa yo‘nalishda ish boshlashini ta’minlash hisobiga 7,5 mingga yaqin aholi doimiy daromad manbaiga ega bo‘ladi.

Shahar va tumanlarda qiymati 6 225,4 milliard so‘mlik 815 ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga 11 mingdan ko‘proq fuqarolar bandligi ta’minlanadi.

Qo‘shimcha 48 ta ijtimoiy soha ob’yektlariga ishga joylashtirish hisobiga 1 850 nafar, fermerlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan amalga oshiriladigan loyihalar hisobiga esa 2 000 nafar fuqarolar ishga joylashadi.

Bundan tashqari, 4100 nafar fuqarolar "Har bir oila tadbirkor" davlat dasturiga asosan amalga oshiriladigan loyihalar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga 10 200 nafar fuqarolar bandligi ta’minlanadi.

Pandemiya sharoitida 30 700 nafar fuqarolar Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi hisobidan shaxsiy tomorqa va dala tomorqasiga subsidiyalar ajratish va homiylar hisobidan doimiy daromad manbaiga ega bo‘ladi.