Samarqandda 2020 yilda korrupsiya va poraxo‘rlik bilan bog‘liq 200 dan ortiq ish ochilgan

60 holatda poraxo‘rlik bilan bog‘liq jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi zarnews.uz ga ma’lum qilgan.

Jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida 179 ta (119 holatda Jinoyat kodeksining 167, 168, 205-209 hamda 210-214 modda bilan 60 holatda ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks bilan bog‘liq) huquqbuzarlik holatlari aniqlangan.

Poraxo‘rlik (Jinoyat kodeksi, 210-214-modda) bilan bog‘liq 60 ta jinoyat ish qo‘zg‘atilgan.

Jumladan, sog‘liqni saqlash tizimida 13 ta, oliy ta’lim tizimida 8 ta,  yer-mulk kadastrida 4 ta, mahalla fuqarolar yig‘inlarida 4 ta, xalq ta’limi tizimida 3 ta, maktabgacha ta’lim tizimida 2 ta, IIB tizimida 1 ta, SEOM (SES) 1 ta, elektr tarmoqlari tizimida 1 ta, boshqa sohalar 23 tani tashkil qilgan.

Misol uchun, Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiy chaqiruv komissiyasi katta vrachi (raisi) I.T. o‘z xizmat xonasida fuqaro A.B. dan uning o‘g‘li G.D.ning oyog‘i yassi ekanligi, 2020 yil 30 yanvar kuni o‘tkazilgan tibbiy ko‘rikda “muddatli harbiy xizmatga yaroqsiz” deb topilganligini vaj qilib, uni xizmatga yaroqliligi to‘g‘risida xulosa berish va Samarqand shahridagi tanishlari orqali harbiy xizmatga yuborish evaziga 600 dollarni pora tariqasida olgan vaqtida ushlangan.

Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sud hukmiga ko‘ra I.T. Jinoyat kodeksining 210-modasi 2-qismi "v" bandi bilan aybli deb topilgan va 4 yilu 8 oy ozodlikdan mahrum qilingan.