Samarqandda 33 476 nafar pedagog COVID-19 virusini aniqlash bo‘yicha test topshirdi

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari, tibbiyot birlashmalarining xulosalari, o‘qituvchilardan olingan test natijalari hamda xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarining tegishli qarorlariga ko‘ra, viloyatning 9 ta hududidagi 38 ta umumta’lim muassasalarida joriy yilning 14 sentyabridan bosqichma-bosqich an’anaviy tarzda darslar boshlandi.

Viloyatdagi 1255 ta maktabda dars jarayonlarini tashkil etish hamda kirish-chiqish sxemalari ishlab chiqildi. 13 sentyabrga qadar 548 ta maktabning pandemiya davrida faoliyat olib borishi mumkinligi to‘g‘risida sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlarining xulosalari berildi. 33 476 nafar (61,3 %) pedagoglar COVID-19 virusini aniqlash bo‘yicha test topshirishdi. Viloyatdagi barcha maktablarga jami 2 355 ta pirometr, 1 litr hajmdagi 1908 dona antiseptik vositalar hamda 111 228 ta tibbiy niqoblar yetkazildi. Ta’lim muassasalariga sog‘liqni saqlash, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari hamda ichki ishlar xodimlari biriktirildi.

Maktablarda dars jarayonlari Xalq ta’limi vazirligi tomonidan yangi o‘quv yilining 1-choragi uchun belgilab berilgan namunaviy dars jadvali asosida tashkil etilmoqda.

An’anaviy ta’lim boshlangan maktablarda 2003 nafar boshlang‘ich va yuqori sinf o‘qituvchilari 9713 nafar boshlang‘ich sinf, 7136 nafar 5-11-sinf o‘quvchilariga saboq bermoqda.

Dars jadvalini shakllantirishda bir vaqtning o‘zida o‘quvchilarning ko‘p to‘planmasligining oldini olish uchun dars mashg‘ulotlari boshlang‘ich sinflar uchun dars 8:00 da, 5-8-sinflar uchun 8:30 da, 9-11-sinflar uchun 9:00 da boshlanadi. Darslar orasida 5 daqiqalik, boshlang‘ich sinflarda 2 soatdan keyin, 5-11 sinflarda 3 soatdan keyin 10 daqiqalik katta tanaffus beriladi.

Viloyatning qolgan tumanlaridagi maktablarda ham bosqichma-bosqich an’anaviy tarzda darslar boshlanishi ko‘zda tutilgan.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.