Samarqandda 458 ta baliqchilik xo‘jaligi mavjud va ularga qariyb 9 ming gektar suvli maydon ajratilgan

Prezidentimizning 2020 yil 29 avgustdagi ”Baliqchilik tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va uning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori baliq mahsulotini sanoat usulida yetishtirish, qayta ishlashda tarmoq korxonalari katta imkoniyat yaratdi. Qarorga asosan baliq yetishtiruvchi sub’yektlar tomonidan suv iste’moli uchun to‘lanadigan soliq turlarida imtiyozlar berilmoqda.

Hozirda viloyatimizda 458 ta baliqchilik xo‘jaligi mavjud va ularga 8 ming 972 gektar suvli maydon ajratilgan. Shundan, 7 ming 479 gektari tabiiy va 1493 gektari sun’iy suv havzalari hisoblanadi. Joriy yilda viloyat bo‘yicha 30 ming tonna baliq yetishtirish, 45 milliard 445 million so‘mlik 30 ta loyiha ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Rejadagi 3 ta loyihaning faoliyat boshlashi evaziga 8 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Jumladan, Samarqand tumanidagi “AGRO LINE SB” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi qoshida 11 gektar yer maydonida 35X5 hajmdagi 7 ta hamda 20 ta yopiq usuldagi suv havzalari tashkil etildi. Ayni kunlarda bu yerda 14 ming dona baliq chavoqlari boqilmoqda.

Yopiq usuldagi suv havzalarida chetdan keltiriladigan baliq chavoqlari boqiladi va Turkiya, Rossiya davlatlarining zamonaviy uskunalarini o‘rnatish mo‘ljallangan. Bundan tashqari, 500 million so‘mlik kredit mablag‘i evaziga suvda kislorod miqdorini ta’minlashga xizmat qiluvchi zamonaviy uskuna xarid qilish yuzasidan ishlar olib borilmoqda.

Urgut va Kattaqo‘rg‘on tumanlaridagi baliqchilik xo‘jaliklariga ajratilgan suv havzalariga 260 ta, Ishtixon tumanida esa 200 ta qafas (sadok) o‘rnatish, Toyloq tumanida 4 ta, Kattaqo‘rg‘on, Oqdaryo va Samarqand tumanlarida 1 tadan hamda Past Darg‘om tumanida 2 ta, jami 9 ta yopiq suv aylanma tizimi (UZV) qurish rejalashtirilgan.

Shuningdek, joriy yilda Payariq tumanida baliq mahsulotlarini qayta ishlash va omuxta yem ishlab chiqarish korxonasi tashkil etiladi.

Agroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi axborot xizmati.