Samarqandda 6 nafar talonchi ushlandi, ulardan ikkisi ayol

Samarqandda 2020 yilning 25 noyabr kuni soat 16:30 da ikki ayol o‘zlarining 4 nafar sherigi bilan talonchilik qilishgan.

Aniqlanishicha, 37 yoshli Shaxnoza R. va 34 yoshli Dilshoda H. o‘zining 4 nafar noma’lum sheriklari bilan oldindan jinoiy til biriktirib, Samarqand tumani Yangiariq mahallasida joylashgan oshxonaning orqa tomonida, 34 yoshli Najmiddin H.ning cho‘ntagidan bir dona “Nokia” va bir dona “Novey” rusumli qo‘l telefon apparatlari hamda o‘ng orqa cho‘ntagidan 1000 AQSh dollari miqdoridagi pullarini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilib, hodisa joyidan yashiringan.

Olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari natijasida mazkur talonchilik jinoyatini sodir etgan fuqarolar aniqlandi. Ikki ayolga 38 yoshli O‘lmas J., 41 yoshli Sanjar N., 21 yoshli Sultonbek X., 31 yoshli Abdullo N. ko‘maklashgani ma’lum bo‘lib, ulardan 1000 AQSh dollari, bir dona “Nokia” va bir dona “Novey” rusumli qo‘l telefon apparatlari ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha yuqorida ko‘rsatilgan shaxslar gumon qilinuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, holat bo‘yicha so‘roq qilingan.

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.