Samarqandda 6 ta aholi punkti uchun 8 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ ajratiladi
Ushbu mablag‘ olis va markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan hududlarda ta’minotni yo‘lga qo‘yishga sarflanadi. Bu haqda xalq deputatlari viloyat Kengashining tegishli qarori qabul qilingan.
Unga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on tumani, Omonkalxat (Ezgulik) mahallasida 18 kilometr tarmoq tortiladi, 1 ta ob’yekt qurilib, yana biri rekonstuksiya qilinadi. Jami 2 milliard 879,3 million so‘m sarflanadigan bu ish natijasida 2447 nafar aholi markazlashgan ichimlik suv tarmog‘iga ulanadi.
Toyloq tumani Birlik mahallasidagi 2515 nafar aholi ham kelgusi yilda ana shunday qulaylikka ega bo‘ladi. Buning uchun 1 milliard 255,7 million so‘m mablag‘ ajratiladi.
Ishtixon tumani Shayxislom mahallasi Saroy qishlog‘ida 1 milliard 120 million so‘m evaziga 6,5 kilometr tarmoq tortilib, 1 ta ob’yekt quriladi. Natijada 1650 nafar aholi markazlashgan ichimlik suvi tarmog‘iga ega bo‘ladi.
Bulung‘ur tumani Mo‘g‘ol qishlog‘idagi 750 nafar aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun 4 kilometr tarmoq tortilib, 1 ob’yekt quriladi. Buning uchun 1 milliard 50 million so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Nurobod tumani "Do‘stlik" aholi punkti va Payariq tumani Boshqo‘rg‘on mahallasidagi ana shunday ishlar natijasida 4935 hamda 4488 nafar aholi markazlashgan toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.
Qarorda viloyat hokimining o‘rinbosari (A.Shukurov) 2022 yilda ichimlik suvi bilan ta’minlanadigan hududlarida bajariladigan ishlar holati to‘g‘risida har 6 oyda xalq deputatlari viloyat Kengashiga hisobot berib borishi belgilangan.
Mahallangiz uchun ajratilayotgan byudjet pullarining sarflanishiga befarq bo‘lmang!