Samarqandda 71 holatda oziq-ovqat mahsulotlarini markirovkalash qoidalari buzilgan
“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 11-moddasiga ko‘ra sotuvchilarga ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan yoki yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni qabul qilish hamda realizatsiya qilish man etilishi belgilangan. Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotining tayyorlangan sanasi, yaroqlilik muddati to‘g‘risidagi ma’lumotlar – mahsulot tamg‘asida ko‘rsatilishi shart.
Ammo bugungi kunda tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, ushbu sohani tartibga soluvchi qonun hujjatlari talablariga har doim ham amal qilinmayapti. Xususan, oziq-ovqat mahsulotlari markirovkasi va xavfsizligiga qo‘yilgan talablarga, markirovkalash qoidalariga to‘liq rioya qilinmaslik holatlari uchramoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilayotgan xabarlarda (postlarda) iste’molchilar yaroqlilik muddati o‘tgan, ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan, shuningdek, qalbakilashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari yuzasidan o‘z e’tirozlarini bildirib keladi. Ayniqsa, bunday e’tirozlar yoz mavsumida ko‘payishi salbiy holatdir.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi Samarqand viloyat hududiy tuzilmasiga yaroqlilik muddati o‘tgan yoki ishlab chiqarish sanasi ko‘rsatilmagan tovarlar, oziq-ovqat mahsulotlari, dori vositalari va boshqalarni realizatsiya qilish bilan bog‘liq 2020 yil va joriy yilning o‘tgan davri davomida 20 ga yaqin murojaat kelib tushgan.
Shunga ko‘ra, oziq-ovqat mahsulotlari markirovkasi va xavfsizligiga qo‘yilgan talablarga rioya etilishini o‘rganish hamda ichki bozorlarda tovarlar markirovkasiga qo‘yilgan talablar, xususan, ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan oziq-ovqat mahsulotlari sotilishi holatlarini aniqlash maqsadida, hududiy tuzilma tomonidan viloyat hududidagi chakana savdo ob’yektlarida kuzatuvlar o‘tkazildi.
Jumladan, 14 ish kuni davomida 42 ta savdo ob’yektida kuzatuv yo‘li bilan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, ularda 71 holatda oziq-ovqat mahsulotlarini markirovkalash qoidalari buzilganligi qayd etildi.
Tahlillar davomida markirovkalash qoidalari 26 ta (36 foiz) holatda qandolatchilik mahsulotlarida, 4 (5 foiz) holatda sut mahsulotlarida, 8 (11 foiz) holatda kolbasa mahsulotlarida, 13 (18 foiz) holatda un va makaron mahsulotlarida va 2 (3 foiz) holatda qadoqlangan o‘simlik yog‘i, 3 (4 foiz) holatda qadoqlangan ichimlik suvi mahsulotlarida buzilganligi ma’lum bo‘ldi.
O‘rganishlar davomida qayd etilgan holatlar bo‘yicha 60 ta ishlab chiqaruvchi korxonaga amaldagi qonun hujjatlari talablarini tushuntirgan holda yozma ogohlantirish xatlari berildi va kelgusi faoliyatda markirovkalash qoidalari buzilishi oldi olindi.
Yuqoridagi holatlar ishlab chiqaruvchilar, sotuvchilar va ijrochilar tomonidan iste’molchilar sog‘ligi va xavfsizligi uchun javobgarlikni to‘laqonli his qilinmayotganligidan dalolat beradi. Ishlab chiqarish va sotish hajmlarini to‘g‘ri rejalashtirish, halol raqobat asosida ish yuritish o‘rniga, mahsulotlar yaroqlilik muddatlarini qalbakilashtirish yoki ularni qo‘ymaslik kabi noqonuniy yo‘llardan foydalanilmoqda.
Shu bois, iste’molchilardan mahsulotlarni xarid qilishda e’tiborli bo‘lishini, ishlab chiqaruvchi va chakana savdo korxonalarini oziq-ovqat mahsulotlarini tamg‘alash (markirovkalash) qoidalariga qat’iy rioya etgan holda ishlab chiqarish hamda realizatsiya qilinishini ta’minlashni so‘rab qolamiz.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi Samarqand viloyat hududiy tuzilmasi.