Samarqandda 76 ming tonna mahsulot zaxirasi yaratiladi
Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining sessiyasida viloyat hokimi E.Turdimov oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va ichki bozorlarda narxlar barqarorligini saqlash yuzasidan ko‘rilayotgan choralar haqida hisobot berdi.
Qayd etilishicha, 2020-2021 yillar qish-bahor mavsumida ichki bozorni asosiy turdagi mahsulotlar bilan kafolatli ta’minlash maqsadida ularni zaxiraga jamg‘arish bo‘yicha qaror qabul qilinib, mahsulot zaxirasi miqdorlari belgilangan.
Unga ko‘ra, jami 76 ming tonna mahsulot:
40 ming tonna kartoshka;
17 ming tonna piyoz,
12 ming tonna sabzi,
7 ming tonna guruch jamg‘arish belgilangan.
Bugunchaga 21,6 ming tonna mahsulot jamg‘arildi.
Mahsulot xarid qilish uchun hududiy tayyorlov tashkilotlariga banklar tomonidan 10,3 milliard so‘m kredit ajratildi.
Viloyat hokimining qarori bilan mahsulotlar zaxirasini yaratish va oyma-oy bozorga chiqarish ishlarini moliyalashtirish maqsadida viloyat hokimligi hamda shahar va tuman hokimlari qoshida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash jamg‘armasi tashkil etildi.
Viloyatimizdagi dehqon bozorlarida 20 ta (jumladan, Samarqand shahrida 5 ta) arzonlashtirilgan mahsulotlar sotishga mo‘ljallangan ijtimoiy rastalar tashkil qilindi.
Dehqon bozorlari va savdo komplekslari qoshida 39 ta tayyorlov xarid korxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ular tomonidan 5057 tonna mahsulot zaxira qilinadi.
Samarqand shahrining Sartepa, Qorasuv massivlari va Kimyogarlar qo‘rg‘onida namunaviy loyihalar asosida yengil konstruksiyali “Yashil do‘kon”lar tashkil etilmoqda.
Hisobotda ta’kidlanishicha, 2021 yilning may oyiga qadar viloyat aholisining ehtiyoji quyidagicha:
- kartoshka - 84 ming tonna;
- go‘sht – 73 ming tonna;
- guruch – 19 ming tonna;
- un mahsuloti – 150 ming tonna;
- shakar – 21 ming tonna;
- o‘simlik yog‘i – 18 ming tonna;
- tuxum – 403 mln. dona.
Fermerlar va boshqa qishloq xo‘jalik korxonalari tomonidan joriy yilda yetishtirilgan kartoshka, sabzi, piyoz, tuxum, bug‘doy mahsulotlari hisobiga ushbu ehtiyoj to‘liq qoplanadi. Chunki bu yil viloyatda
- 1 million 654 ming tonna sabzavot;
- 126 ming tonna poliz;
- 630 ming tonna kartoshka;
- 337 ming tonna meva;
- 67 ming tonna dukkakli don mahsulotlari yetishtirilmoqda. Viloyatdagi 20 ta o‘simlik yog‘i ishlab chiqaruvchi korxonalar 6 oyda 76 924 tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Ehtiyoj uchun 10,9 ming tonna (62 foiz) mahalliy, 6,7 ming tonna (39 foiz) xorijdan yog‘ olib kelishni rejalashtirilgan.
Bugungi kunda viloyatda 182 ming 880 tonna mahsulotni saqlash quvvatiga ega 230 ta ombor faoliyat ko‘rsatmoqda.