Samarqandda advokat pora bilan qo‘lga tushdi

Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi, viloyat prokuraturasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida 1971 yilda Samarqand tumanida tug‘ilgan, Samarqand shahridagi «YULDUZ» advokatlik firmasi advokati sifatida faoliyati yuritib kelayotgan A.U.ning sud idoralarida ko‘rib chiqilayotgan ishlarda advokat sifatida ishtirok etib, “vositachilik” qilish yo‘li bilan sud tizimida ishlovchi "yaqin"lari orqali ishlarni ijobiy hal qilib berish evaziga fuqarolardan katta miqdordagi pul mablag‘larini olib kelganligi aniqlandi.

Xususan, mahalliy fuqaroning turmush o‘rtog‘i bilan qonuniy nikohini bekor qilish yuzasidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Payariq tumanlararo sudining qarorini chiqartirib berish evaziga undan 1500 AQSh dollarini talab qilgan.

Tadbirda advokat A.U. ushbu fuqarodan kelishilgan pullarning 1300 AQSh dollarini olayotgan vaqtda jinoyat ustida qo‘lga olindi.

Hozirda A.U.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish bo‘yicha surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.