Samarqandda aliment bo‘yicha sud qarorlari ijrosi sustligi sabab murojaatlar ko‘paygani aytildi

Viloyatda aliment undirish bo‘yicha sud qarorlarining ijrosi sustligi sababli bu borada ayollar murojaatlari ko‘paygan. Bu boradagi ishlarni qayta tashkil qilish lozim. Bu haqda Xalq deputatlari viloyat kengashi navbatdagi sessiyasida ma’lum qilindi.

Sessiyada ayollar huquqlari bo‘yicha qator takliflar o‘rtaga tashlandi. Jumladan, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollar, jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan xotin-qizlar bilan ishlarni tizimli tishkil etish. Ularga psixologik yordam berilishi hamda mehnat faoliyatini boshlashi uchun qulay sharoitlar yaratish loziligi aytildi.

Shuningdek, viloyat Yoshlar ishlari agentligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash, Innovatsion rivojlantirish va viloyat xalq ta’limi boshqarmalari mas’ul topshiriq ijrosi ham qoniqarli emas deb baholandi.

Negaki, viloyatning barcha hududlaridagi, ayniqsa chekka qishloqlardagi iqtidorli qizlarni izlab topish, ularni ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda rivojlantirish, ular tomonidan yaratilgan intellektual loyihalarni targ‘ib etish ishlariga ko‘maklashish bo‘yicha ishlar yetarli tashkil qilinmagan.

O‘zini o‘zi band qilgan xotin-qizlar va erkaklarni qo‘llab-quvvatlash, bunday shaxslar tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmat turlarini kengaytirish, aholining o‘zini o‘zi band qilishga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirish bo‘yicha ishlar qoniqarsiz ahvolda.

Viloyat Davlat soliq boshqarmasi, Bandlik bosh boshqarmasi, viloyat Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish boshqarmasi, shahar va tumanlar hokimliklari bu masalaga e’tiborsiz qarayotganiga urg‘u berildi.