Samarqandda aniqlangan 13 nafar bemor ortidan yuzlab odamlar kuzatuvga olindi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirusga chalingan bemorlar haqida ma’lumot berdi:
– Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar soni 3006 nafarga yetdi. Kuni kecha 35 nafar, bugungi kunga qadar 2407 nafar, ya’ni 80 foiz bemor to‘liq sog‘aydi. Sog‘liqni saqlash vazirligi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, shifoxonalarda 586 bemor davolanmoqda, ulardan 5 nafarining ahvoli og‘ir.
44 mingdan ko‘proq fuqaro karantin tadbirlari bilan qamrab olingan. Ularning 18 mingdan ortig‘i statsionar sharoitda karantinga joylashtirilgan. 21 may kuni 12 mingdan ziyod laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazildi.
Karantin tadbirlari davom etyapti. Karantin tadbirlari birmuncha yumshatilganidan to‘g‘ri xulosa chiqarishimiz kerak. Kuni kecha koronavirus aniqlangan 39 bemorning 28 nafari aholi orasidan qayd etilganini alohida ta’kidlamoqchimiz. Ularning 15 nafari Navoiy viloyatida, 13 nafari Samarqand viloyatida aniqlangan. Ushbu bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan yuzlab, minglab odamlar kuzatuvga olingan, karantinga joylashtirilgan.
Biz bu holatdan to‘g‘ri xulosa chiqarishimiz kerak. Atrofimizda kasallikka chalinganlar yo‘qligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Demak, siz ham kasallikka chalinishingiz, uyga olib kelishingiz, oila a’zolaringizga yuqtirishingiz mumkinligini zinhor esingizdan chiqarmang!
Oldimizda Ramazon hayiti bayrami. Guruh-guruh bo‘lib, xonadonma-xonadon yurishlar juda jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Agar vaziyat jiddiylashib ketadigan bo‘lsa, unda ko‘riladigan choralar yanada keskin, yanada qattiq bo‘ladi!