Samarqandda asosiy yo‘qotish avtomobil sanoatiga to‘g‘ri keldi. Ishlab chiqarish hajmi 979,2 milliard so‘mga pasaygan

2020 yilning 1 apreligacha viloyatimizda 5145 ta sanoat korxonasi faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, karantin choralari belgilanishi bilan 551 ta korxona faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi, 567 ta korxona 25 foiz, 1062 ta korxona 50 foiz quvvatda ishlagan. Bu haqda Matbuot uyida viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Asosiy yo‘qotish avtomobil sanoatiga to‘g‘ri keldi va 3 ta korxona (“Sam Avto”, “JV MAN”, “UZAuto Trailer”)da 8 oyda ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 979,2 milliard so‘mga pasaygan.

Har bir korxona bo‘yicha maxsus anketa to‘ldirilib, ularning faoliyatiga aniqlik kiritildi. O‘rganilishicha, 884 ta korxona realizatsiyadagi muammo sabab mahsulot ishlab chiqarmagan. Korxonalarda 2,2 trillion so‘mlik mahsulotlar qoldig‘i mavjud. 962 ta korxonada sotish 151 milliard so‘mga kamaygan.

Viloyatda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi har oyda o‘rtacha 1,2 trillion so‘mga oshib, 8 oyda 10,2 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. 9 oy yakuni bilan 12 trillion so‘mlik (101,4 foiz) mahsulot ishlab chiqarish  rejasi belgilangan. O‘rganish natijasida mahsulot ishlab chiqarish hajmi 13,7 trillion so‘m bo‘lishi kutilmoqda.