Samarqandda attestatsiya o‘tadigan xonaning kuzatuv kamerasi nega to‘sib qo‘yilgan edi?

Ijtimoiy tarmoqda e’lon qilingan “Samarqandda attestatsiya o‘tadigan xonaning kuzatuv kamerasi to‘sib qo‘yildi. Mas’ullar buni xakerlar hujumidan saqlanish uchun qilganligini aytishdi” mazmunidagi video yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.

Joriy yilning 19-30 aprel kunlari Xalq ta’limi vazirligi va Ta’lim inspeksiyasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi ikkinchi malaka toifasiga talabgor pedagog kadrlar uchun malaka (test) sinovlari o‘tkazilmoqda.

Samarqandda ushbu sinovlar viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi binosida tashkil qilingan. Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videotasvirda 20 aprel kuni ushbu markazning 101-xonasidagi holat aks etgan.

Har bir hududdagi binolarda kuzatuv kameralarining uzluksiz ishlab turishi qat’iy nazoratga olingan. Kuzatuv kamerasi ishlamagan taqdirda sinovlarni boshlashga ruxsat berilmaydi. Ya’ni, ushbu tasvirda kuzatuv kamerasini vaqtincha to‘sib qo‘yish imtihonlar payti emas, sinovlarga tayyorgarlik ko‘rish vaqti aks etgan.

Ta’kidlash joizki, sinovlarni o‘tkazish vaqtida har bir kompyuterga maxsus dasturlar o‘rnatilib, markaziy serverda birma-bir ro‘yxatga olinadi. Ushbu dastur yordamida masofadan boshqariladigan dasturlarni bloklash hamda ro‘yxatga olinmagan kompyuterlarning testga kirish imkoniyatini cheklab qo‘yish mumkin bo‘ladi. Bu esa jarayonlarning avtomatlashtirilgan dasturiy tizim yordamida monitoring qilib borish va turli qoidabuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.

Ushbu jarayonda xavfsizlik nuqtai nazaridan faqat inspeksiya tomonidan ajratilgan mas’ul xodimgina dasturga kirish uchun parol va logindan xabardor bo‘ladi. Har kuni yangilanadigan ushbu parol va login imtihon boshlanishidan oldin ertalab har bir kompyuterga alohida kiritiladi. Parol va loginni kiritish jarayonida kuzatuv kameralari orqali tarqalishining oldini olish maqsadida kamera vaqtincha to‘silgan.

Quyidagi videolavhani tomosha qilib, login va parol kiritib bo‘lingach, o‘qituvchilar sinovga kirishidan avval kamera oldidagi to‘siq olib tashlanganiga ishonch hosil qilish mumkin.

Ushbu holatda tajribasizlik qilgan xodimlarga xavfsizlikni ta’minlashda fuqarolarni shubhalantiradigan bunday uslublardan foydalanish noto‘g‘ri ekanligi tushuntirildi. Inspeksiya mas’ullari tomonidan hamkor tashkilotlardan jalb qilingan xodimlarga jarayonni tashkil etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.

Bunda xavfsizlikni ta’minlashda shaffoflikka shubha uyg‘otmaydigan zamonaviy uslublardan foydalanish zarurligi ta’kidlandi.

Qayd etish lozim, sinovlarga kiruvchi har bir talabgor ichki ishlar va milliy gvardiya xodimlari tomonidan tekshirilmoqda. Bundan tashqari, jarayonda shaffoflikni ta’minlash uchun mahalliy deputatlar, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari hamda keng jamoatchilik vakillari taklif etilgan. O‘z navbatida ushbu jarayonga qiziqish bildirgan jurnalist va blogerlar ham pedagoglarga xalal bermagan holda sinovlarni bevosita kuzatish imkoniyati mavjud ekanligini ma’lum qilamiz.

Fursatdan foydalanib, hurmatli pedagoglar va fuqarolarimizdan malaka (test) sinovlari bo‘yicha kimdir pul yoki boshqa moddiy rag‘bat talab qilsa yoki biron noxolis yondashuvga guvoh bo‘lishsa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga, Xalq ta’limi vazirligi hamda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga murojaat etishlarini so‘rab qolamiz.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi.