Samarqandda ayol, ona va bola salomatligini himoyalashga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya tashkil etildi

Samarqand davlat tibbiyot universitetida “Ayol, ona va bola salomatligini himoyalash” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda Rossiya Federatsiyasi, Birlashgan Arab Amirliklari, Tojikiston, Qirg‘iziston hamda O‘zbekistonni tibbiyot oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tekshirish markazlari rahbarlari va yetakchi olimlari ishtirok etdi.

- Bugungi kunda 2-son akusherlik va ginekologiya kafedrasi ayollar, onalar va bolalar salomatligini saqlashda katta hissa qo‘shmoqda, - dedi universitet rektori Jasur Rizayev. - Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimi oldida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini xalqaro standartlarga muvofiq ravishda amalga oshirishga, shu jumladan, reproduktiv yoshdagi ayollarda kasalliklarni erta tashxislash hamda asoratlarni kamaytirishga yo‘naltirilgan qator vazifalar turibdi. Bundan kelib chiqib, hozirgi vaqtda onalar va bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlarni yangi darajaga ko‘tarish muhim ahamiyat kasb etadi.

Anjumanda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova, Qirg‘iziston Akusher-ginekologlar uyushmasi prezidenti, professor Arsen Askerov, Tojikiston Respublikasi gastroenterologiya instituti direktori, professor Xaydarsho Kurbonov tibbiyot universitetida shakllangan akusherlik-ginekologiya maktabi va unga hissa qo‘shgan taniqli olimlar, ayollar, onalar va bolalar salomatligini asrashda akusherlik va ginekologiyaning ahamiyati, uning hozirgi kundagi rivojlanishi hamda xalqaro aloqalar ahamiyati haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

Yalpi majlisdan so‘ng xalqaro anjuman ishi sho‘’ba yig‘ilishlarida davom etdi. Sho‘’balarda akusherlik va perinatologiyada innovatsion diagnostika va davolash tadbirlari, bolalar va o‘smirlar ginekologiyasi, operativ va estetik ginekologiya, 40 yoshdan yuqori bo‘lgan ayollar salomatligi hamda reproduktiv yoshda bo‘lgan ayollarda somatik kasalliklarni dolzarb muammolari hamda yosh tadqiqotchilarning ilmiy-tadqiqot faoliyati natijalariga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi. 

Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya mintaqamizda akusherlik va ginekologiya sohasini rivojlantirish, fundamental va klinik fanlarni o‘qitish sifatini yanada oshirish, malakali tibbiy kadrlarni tayyorlash hamda respublikamiz oliygohlarini xalqaro faoliyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Xalqaro konferensiya universitet 2-son akusherlik-ginekologiya kafedrasining 50 yilligi hamda taniqli shifokor va sog‘liqni saqlashni tashkilotchisi, professor Muhsin Hamidov xotirasiga bag‘ishlandi.

Samarqand davlat tibbiyot universiteti axborot xizmati.