Samarqandda “baklajka”dan ip-kalava, ip-kalavadan tayyor mahsulot tayyorlanmoqda

Samarqand shahridagi “Tuft and grass” mas’uliyat cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxona sun’iy chim va kovrolin mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.

– Qisqa vaqt ichida ichki bozorda o‘z o‘rnimizni topib, hozirda 15 turdan ziyod sun’iy chim va kovrolin, poliestr ip kalavasi, birlamchi sintetik asos va noto‘qima mato (ikkilamchi kovrolin va sun’iy chim asosi) ishlab chiqaryapmiz, – deydi jamiyat savdo bo‘limi mas’ul xodimi Hayotxon Hasanxonov. – Korxonamizning yillik quvvati 2,5 million kvadrat metr yoki 26 milliard so‘mlik sun’iy chim va kovrolin mahsulotlarini tashkil etadi.

Ishlab chiqarishda Angliya, Belgiya, Shveysariya, Xitoy, Germaniya va Turkiya davlatlaridan keltirilgan yangi texnologiyali zamonaviy asbob-uskunalardan foydalanilmoqda. Jumladan, SSM uskunasi dunyoda sanoqli hisoblanadi. Bu uksuna yordamida ikkilamchi mahsulot – yelim idishlar (baklajka) qayta ishlanib, undan poliestr ip kalavasi tayyorlanadi. Mahsulotlarimizning asosiy qismi ichki bozorda sotilayotgan bo‘lsa-da, xorijdan ham buyurtmalar tushmoqda. Joriy yildan boshlab kovrolin mahsulotlarini keng miqyosda eksportga chiqarish rejalashtirilgan.

Ayni paytda korxonada 355 nafar ishchi mehnat qilayotgan bo‘lsa, kelgusida yangi loyihalarni amalga oshirish hisobiga ish o‘rinlarini va ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish ko‘zda tutilgan.