Samarqandda bir kishi is gazidan zaharlanib vafot etdi

Shu yilning 2 noyabr kuni soat 23:00 larda Samarqand shahar, Boyovut ko‘chasida yashovchi fuqaro F.K.ning yashash xonadonida o‘rnatilgan suv issitish gaz «kolonka»sidan sizib chiqqan is gazidan zaharlanib vafot etgan. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari xabar berdi.

Turmush o‘rtog‘i D.V. esa is gazidan o‘tkir zaharlanish tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, fuqarolar o‘rtasidagi bunday ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish maqsadida gaz uskunalaridan va isitish moslamalaridan foydalanishda yong‘in va xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilish so‘ralgan.