Samarqandda bojxonachilar kasb bayramini o‘tkazishdi

Samarqand viloyat bojxona boshqarmasida soha xodimlarining kasb bayramiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Bojxona faxriylari, shaxsiy tarkib hamda boshqarma ishchi-xodimlari ishtirok etgan tadbirda Samarqand viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i E.Salixov barchani bayram bilan qutlab, 2018 yilda bojxona organlarida bir qator tizimli islohotlar amalga oshirilgani, sohaga oid qaror va farmonlar qabul qilingani, davlatimiz tomonidan bojxona organlariga qaratilgan e’tibor va bildirilgan ishonchga javoban bojxonachilar samarali va fidokorona xizmati bilan munosib javob berishi zarurligi haqida to‘xtaldi.
- Mamlakatimizda bojxona tizimi moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sohani tajribali va bilimli kadrlar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, - deydi E.Salixov. - Shuningdek, Prezidentimiz tashabbusi bilan qo‘shni davlatlar bilan aloqalarimiz mustahkamlanib, bir necha yillardan buyon faoliyati to‘xtatilgan bojxona postlari qaytadan tashkil etilmoqda. Xususan, mart oyida Samarqand viloyatining qo‘shni Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh bo‘lgan “Jartepa” chegara bojxona posti faoliyati qayta tiklandi. 2018 yilning mart-dekabr oylarida ushbu post orqali 600 mingdan ortiq fuqaro harakatlandi. Shuningdek, tadbirkorlarning vaqti va pul mablag‘larini tejash orqali qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida “Zarafshon” va “Jomboy” temir yo‘l stansiyalarining ma’muriy binolarida “Ulug‘bek” TIF bojxona postining “Zarafshon” va “Jomboy” bojxona punktlari tashkil etilib, mazkur punktlarini samarali faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Tadbirda bir guruh bojxona faxriylari va xodimlariga boshqarmaning faxriy yorlig‘i va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
Kasb bayrami arafasida boshqarma tarkibiy tuzilmalari o‘rtasida o‘tkazilgan voleybol musobaqasi g‘olib va sovrindorlari ham taqdirlandi. Ularga diplom, medal, kubok va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Samarqand viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati.